Termizda Surxondaryo viloyat hokimi bilan yoshlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Videoselektor shaklida tashkil etilgan uchrashuvda viloyat hokimi E. Turdimov dastlab Prezidentimizning yoshlarga tabrigini o‘qib eshittirdi. Mamlakatimiz yoshlarining o‘qib, izlanishi, ta’lim olishi, o‘z iste’dod va qobiliyatini keng namoyon etishi, tadbirkorlik, fermerlik bilan shug‘ullanib, o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishi yuzasidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar hamda yosh oilalarga qaratilayotgan yuksak e’tibor xususida atroflicha fikr yuritdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2018-yil 28-iyunda qabul qilingan “Mard o‘g‘lon” Davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq bir guruh iqtidorli, iste’dodli yigitlar fan, ta’lim, tibbiyot, madaniyat, adabiyot, san’at, sport, ishlab chiqarish, harbiy xizmat sohalari va huquqni muhofaza qilish organlaridagi faoliyatida erishgan yutuqlari uchun ana shu yuksak mukofotga sazovar bo‘ldi. Mukofotlanganlar safida boks bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi, surxondaryolik Bahodir Jalolov, viloyat ichki ishlar boshqarmasi Termiz shahar yong‘in xavfsizligi bo‘limi yong‘in o‘chiruvchisi Sanjar To‘xtashov ham bor.
Viloyat hokimi Prezidentimiz qaroriga ko‘ra “Mard o‘g‘lon” Davlat mukofoti bilan taqdirlangan ikki nafar yigitga sovrindorlik diplomlari va ko‘krak nishonlarini tantanali topshirdi. Shuningdek, “Eng yaxshi o‘qituvchi”, “Eng yaxshi hamkor tashkilot”, “Eng yaxshi sportchi”, “Eng fidoyi viloyat kengashi xodimi” kabi yigirmadan ortiq nominatsiya g‘oliblari viloyat hokimligining diplom va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA