O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

“Hokim va yoshlar” uchrashuvida hech bir masala e’tiborsiz qolmadi

2018-06-29 | Jamiyat

Namanganda 30-iyun – “Yoshlar kuni” munosabati bilan o‘tkazilgan “Hokim va yoshlar” loyihasida Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Xayrullo Bozorov shahar, tumanlardan kelgan bir guruh yoshlar vakillari bilan uchrashdi.

E’tirof etish joiz, yurtimizda yoshlarga oid davlat siyosatiga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Buning zamirida esa, eng avvalo, har bir yigit-qizning orzu-umidlari ro‘yobi, porloq kelajagi mujassam desak, aslo mubolag‘a emas. Ayniqsa, jamiyatimizda tengdoshlariga har tomonlama o‘rnak bo‘layotgan yoshlarni rag‘batlantirish, qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Mard o‘g‘lon” Davlat mukofoti va “Kelajak bunyodkori” medali ta’sis etilgani yuksak g‘amxo‘rlikdan yorqin dalolat.
 
Qayd etish darkor, O‘zbekiston yoshlar ittifoqiga asos solingan o‘tgan bir yil davomida yoshlar manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan bir qator amaliy ishlar qilindi. Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod qilingan Is’hoqxon to‘ra Ibrat majmuasi namanganlik ilmga chanqoq yoshlar uchun chinakam tuhfa bo‘ldi. Ushbu majmuada buyuk ma’rifatparvar alloma nomi bilan ataluvchi chet tillarga ixtisoslashtirilgan maktab, xiyobon va muzey, oshxona va bosmaxona faoliyat olib bormoqda.
 
Ma’lumot o‘rnida, bugungi kunda Namangan viloyatida istiqomat qilayotgan 2 million 700 ming aholining 60 foizi, boshqchacha aytganda 1 million 500 mingdan ziyodini 30 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlarni tashkil etadi. Ta’kidlash lozimki, ular uchun viloyatda 2018-2021-yillarda 68 ta ko‘p qavatli, 66 ta namunali “Yoshlar uylari”ni barpo etish rejalashtirilib, shu kunga qadar 223 nafar faol va tashabbuskor yoshga “Yoshlar uylari” topshirildi.
 
E’tibor va g‘amxo‘rliklarga javoban yoshlar erishayotgan yutuqlar ham shunga monand bo‘lmoqda. Umumta’lim fanlaridan o‘tkazilgan olimpiadaning respublika bosqichida 7 nafar o‘quvchi g‘olib chiqib muddatidan avval oliy o‘quv yurtlari talabasi nomiga erishdi. Shu yilning 19-23-iyun kunlari Samarqandda o‘tkazilgan xalqaro fan olimpiasida Namangan davlat universiteti qoshidagi 1-sonli akademik litsey o‘quvchisi Umidjon Hafizov fizika fani bo‘yicha oltin medalni qo‘lga kiritdi.
 
Quvonarlisi, sport sohasida namanganlik yoshlar yurtimiz bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tarmoqdalar. Iqtidorli sportchilarimiz 2018-yilning shu davriga qadar xalqaro sport musobaqalarida 38 ta oltin, 11 ta kumush, 18 ta bronza jami 67 ta medallarni qo‘lga kiritdi.
 
Yoshlar ittifoqining tashabbusi bilan so‘ngi bir yil mobaynida yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish, ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, hunarmandchilik kabi sohalardagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun 773 nafar yoshlarga 7 milliard 954 million 800 ming so‘m miqdorida kreditlar ajratildi. Buning natijasida 1423 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
 
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mahalliy Kengashlari joylashgan kasb-hunar ta’limi muassasalari negizida tashkil qilingan “Yoshlar markazlari”da 12 xil yo‘nalishdagi til va kasb-hunarga o‘rgatish bo‘yicha 64 ta bepul to‘garak faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Mazkur to‘garaklarda har kuni 6500 nafarga yaqin yoshlar bilim egallamoqda.
 
Viloyatda yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikka qarshi kurashish, barvaqt oldini olish bo‘yicha hamkorlikda olib borilgan ishlar natijasida yoshlar jinoyatchiligi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyib 26 foizga kamayishiga erishildi.
 
Xayrullo Bozorov bilimli, vatanparvar, o‘z mahallasi va yurtining porloq ertasi uchun qayg‘uradigan fidoyi yigit-qizlar safi ko‘payishi uchun eng avvalo o‘qish, ya’ni kitob mutolaasiga va ilm olishga intilish kerakligini aytdi.
 
– Ta’limni tarbiyadan ajratib bo‘lmaydi. Shunday ekan, yoshlarimiz butun dunyo tan olgan milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylashi, chetdan kirib kelayotgan “ommaviy madaniyat” niqobi ostidagi tahdidlardan himoyalanishi lozim, – dedi viloyat rahbari.
 
Ochiq muloqot ruhida kechgan uchrashuvda yoshlarimiz o‘zlarini qiziqtirgan masalalar, tashvishga solayotgan muammolari yuzasidan hokimga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilib, savollariga amaliy javoblar olishdi.
 
Pop tumani G‘urumsaroy qishlog‘ida yashovchi Fazliddin To‘lanov ayni paytda ijara asosidagi yerdan unumli foydalangan holda quyonchilik va baliqchilik bilan shug‘ullanib keladi. Yaqinda unga Yangiobod mahallasidan 2 gektar yer ajratib berildi. Muammo shundaki, bu yer maydoni huquqiy jihatdan rasmiylashtirilmagan. Ya’ni, tuman hokimining qarori chiqqani yo‘q. Murojaatni eshitgan viloyat hokimi bu masala tegishli tartibda ijobiy yechimini topishini ma’lum qildi.
 
Chustlik Doston Ubaydullayev ishni ko‘zini biladigan yosh tadbirkorlardan. O‘zi tashkil etgan “Muzaffar Doston” xususiy korxonasida dastavval chorvachilik bilan shug‘ullangan. Ayni paytda u Prezident qaroriga muvofiq yoshlar uchun ajratilgan 13 foizli, imtiyozli kreditdan unumli foydalanish niyatida. Bank moliyaviy ko‘makni ajratsa, tadbirkor savdo shahobchasi, oshxona, kafe, go‘zallik saloni, ustaxona kabi maishiy xizmat ko‘rsatish nuqtalari va supermarketni o‘zida mujassam etgan yirik savdo majmuasini barpo etishga kirishadi. Doston Ubaydullayev hokimdan yoshlar bilan tez-tez uchrashib, ularning murojaatlarini eshitishga vaqt ajratishni so‘radi. Xayrullo Bozorov tadbirkorning savoliga javob qaytararkan, tez kunlarda Namangan shahar davlat xizmatlari markazi binosida yosh tadbirkorlar bilan ishlashga mo‘ljallangan innovatsion markaz o‘z faoliyatini boshlashi, ushbu markaz orqali yoshlar, xususan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan yosh biznesmenlarning har bir murojaatiga alohida e’tibor qaratilishini ta’kidladi.
 
Kollejni bitirgach ma’lum muddat turli sabablarga ko‘ra ishsiz yurgan uyushmagan yoshlardan biri Sayyora Dadaboyeva o‘z so‘zida Namangan viloyati hokimining aholi bilan ijtimoiy tarmoqlar orqali muloqotni yo‘lga qo‘yganidan minnatdorligini bildirdi. U Xayrullo Bozorovning telegram raqamiga murojaat qilib, bankdan kredit olishda yordam berishni so‘raydi. Viloyat rahbari bu masalani ijobiy hal etishga yaqindan ko‘maklashdi va 15 million so‘m miqdorida unga kredit ajratildi. Buning natijasida Sayyora Namangan shahrida yakka tartibda tadbirkorlik faoliyatini boshladi. Qolaversa, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi tikuvchilik bilan shug‘ullanadigan yosh tadbirkor qizga Namangan “Yoshlar markazi”dan bepul joy ajratib berildi. 17 ta tikuv mashinasi bilan ta’minlandi. Sayyoraning mo‘jaz sexida yoshlar ittifoqi ramzi tushirilgan futbolkalarni ishlab chiqarish haqidagi taklifi maqullanishi va qo‘llab-quvvatlanishi aytildi.

Поделиться