O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisi to‘g‘risida AXBOROT

2018-06-29 | Siyosat

2018 yil 28 iyun kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisi ish boshladi. Yalpi majlisda Vazirlar Mahkamasi a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, boshqa tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi N. Yo‘ldoshev olib bordi.

Senatorlar ishni “Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqishdan boshladilar. Qonun shaxs, jamiyat va davlatning ekstremizmdan xavfsizligini ta’minlashga, O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini himoya qilishga, fuqarolar tinchligini, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni saqlashga qaratilgan.

Qonunda ekstremizmga qarshi kurashishning asosiy tushunchalari, printsiplari va yo‘nalishlari, bu sohada faoliyatni amalga oshiruvchi organlar doirasi va ularning vakolatlari, ekstremizmga qarshi kurashish chora-tadbirlari, shuningdek ekstremistik faoliyatni amalga oshirganlik uchun javobgarlik nazarda tutilgan.

Senatorlarning fikricha, ushbu Qonun aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga, jamiyatda ekstremizmga nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirishga, ekstremizm sohasidagi huquqbuzarliklarning o‘z vaqtida oldini olish, aniqlash va ularga chek qo‘yishga, shuningdek javobgarlikning muqarrarligi printsipini ta’minlashga, xalqaro umume’tirof etilgan normalar va standartlarni ijro etishga ko‘maklashadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘ngra senatorlar “Mediatsiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar. Qonunning maqsadi O‘zbekiston Respublikasida nizolarni tartibga solishning muqobil usullarini rivojlantirish uchun huquqiy shart-sharoitlar yaratishdan, mamlakatimiz sud tizimida ish hajmini kamaytirishdan iborat. 

Ushbu Qonun fuqarolik huquqiy munosabatlardan, shu jumladan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish munosabati bilan kelib chiqadigan nizolarga, shuningdek yakka mehnat nizolariga, oilaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarga mediatsiyani qo‘llash bilan bog‘liq munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi. Shunisi e’tiborliki, ushbu Qonun mediatsiyada ishtirok etmayotgan uchinchi shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga, jamoat manfaatlariga daxl qiladigan yoki daxl qilishi mumkin bo‘lgan nizolarga nisbatan qo‘llanilmaydi.

Qonunda mediatorning faoliyati professional yoki noprofessional asosda amalga oshirilishi mumkinligi mustahkamlab qo‘yilgan.

Professional asosdagi mediator faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan mediatorlarni tayyorlash dasturi bo‘yicha maxsus o‘quv kursidan o‘tgan, shuningdek Professional mediatorlar reyestriga kiritilgan shaxs amalga oshirishi mumkinligi Qonunda nazarda tutilgan.

Noprofessional asosdagi mediator faoliyatini yigirma besh yoshga to‘lgan va mediator vazifalarini bajarishga rozilik bergan shaxs amalga oshirishi mumkin. Qonunda mediatsiya tadbirkorlik faoliyati hisoblanmasligi, maxfiylik, ixtiyoriylik, taraflarning hamkorligi va teng huquqliligi, mediatorning mustaqilligi va xolisligi printsiplari asosida amalga oshirilishi ham ko‘rsatilgan. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Senatorlar tomonidan “Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ham ko‘rib chiqildi. Qonunning maqsadi - jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekish keng tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik, chekmaydigan fuqarolar huquqlari himoyasini ta’minlash va tamaki tutuni bilan zararlanishning oldini olish, chilim va elektron sigaretalar chekish natijasida kelib chiqadigan kasalliklar hamda guruh bo‘lib chekish oqibatida yuqish xavfi bo‘lgan xastaliklar tarqalishining oldini olishdir.

Qonunda “chilim”, “chilim uchun tamakisiz chekish aralashmasi”, “chilim chekish uchun damlama”, “chilim uchun chekish toshi”, “elektron sigareta” kabi asosiy tushunchalarning mazmuni ochib berilgan, shuningdek chilim va elektron sigaretalar chekish mumkin bo‘lmagan jamoat joylari ro‘yxatiga aniqlik kiritilgan.

Qonun chilim va elektron sigaretalar chekishni reklama va targ‘ib qilishni cheklashga doir normalardan iborat bo‘lib, unda jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash choralarini ko‘rish uchun mas’ul shaxslar va ularning majburiyatlari belgilangan, jamoat joylarida joylashgan xonalarni chilim va elektron sigaretalarni chekish uchun berish, xuddi shuningdek jamoat joylarida chilimni va elektron sigaretalarni foydalanishga berish taqiqlanadi.

Senatorlar ta’kidlaganidek, jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklashga qaratilgan profilaktik tadbirlarni amalga oshirishda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, ta’lim maskanlari va boshqa tashkilotlar ishtirok etishining belgilab qo‘yilgani bunda muhim ahamiyat kasb etadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Senatorlar ishni  yangi tahrirdagi “O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqish bilan davom ettirdilar. Qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Biznesning qonuniy manfaatlari davlat tomonidan muhofaza qilinishi va tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonini ijro etish maqsadida ishlab chiqilgan.

Ta’kidlanganidek, Qonunning maqsadi integratsiyalashgan tadbirkorlar hamjamiyatini shakllantirish va tadbirkorlik sub'yektlarining, ular birlashmalarining davlat organlari bilan samarali hamkorligini ta’minlash, shuningdek tadbirkorlik sub'yektlarini keng qamrab olish va ularni tadbirkorlar hamjamiyatini shakllantirish jarayoniga jalb qilishdan iboratdir.

Qonunda umumiy qoidalar, Palataning vazifalari va funktsiyalari, davlat organlari, boshqa organlar va tashkilotlar bilan hamkorligi, tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini tekshirishlardagi ishtiroki, uning faoliyatini tashkil etish, xalqaro hamkorligi, nizolarni hal qilish mexanizmi nazarda tutilgan.

Qonunning yangi tahririda tadbirkorlik sub'yektlari huquqlarini himoyalash hamda ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash, tadbirkorlik faoliyatiga ko‘maklashish, davlat organlari, boshqa organlar va tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik qilish, tadbirkorlik sub'yektlarini o‘qitish va kadrlar tayyorlash, tashqi iqtisodiy faoliyat va chet el investitsiyalarini jalb etish sohalaridagi Palataning funktsiyalari mustahkamlab qo‘yilgan.

Senatorlar ta’kidlaganidek, mazkur Qonunning hayotga tatbiq etilishi tadbirkorlik sub'yektlarini, ayniqsa ularning faoliyati shakllanayotgan davrda qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimini yaratishga, huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga, xususiy mulk va tadbirkorlikni jadal rivojlantirishga har tomonlama ko‘mak berishga, ularning ustuvor rolini va daxlsizligini ta’minlashga, respublika tumanlari va shaharlari aholisini tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilishga ko‘maklashadi. Senatorlar Qonunni ma’qulladilar.

Majlis davomida senatorlar yangi tahrirdagi “O‘simliklar karantini to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar.

Qonunda  o‘simliklar karantini sohasini, O‘zbekiston Respublikasining o‘simliklar karantini bo‘yicha davlat xizmati tizimini va unga rahbarlik qilishni tartibga soluvchi umumiy qoidalar, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining, yuridik va jismoniy shaxslarning o‘simliklar karantini sohasidagi huquq va majburiyatlari, o‘simliklar karantiniga doir tadbirlar va ularni amalga oshirish, mazkur sohadagi axborotning ochiqligi, karantin ostidagi mahsulotni olib kirish va olib chiqish nazarda tutilgan.

Shuningdek Qonunda o‘simliklar karantini sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, davlat nazoratini yuritish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, tashqi va ichki o‘simliklar karantini bo‘yicha tadbirlar tizimini amalga oshirish, fitosanitar xavfsizlikni ta’minlash, o‘simliklar karantini sohasida samarali monitoring olib borish tizimini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.

Qonun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining o‘simliklar karantini sohasidagi vakolatlarini nazarda tutadigan normalar bilan to‘ldirilgan.

O‘zgartishlarga muvofiq fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari o‘simliklar karantini sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etadi, tegishli hududda bu sohada jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi, aholini o‘simliklar karantini ob'yektlari tarqalganligi haqida xabardor qilishda o‘simliklar karantini davlat inspektorlariga ko‘maklashadi.

Senatorlar qayd etganidek, mazkur Qonun o‘simliklar karantini sohasidagi munosabatlarni tartibga solish mexanizmini takomillashtirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, karantin xizmati faoliyatiga zamonaviy xorijiy texnologiyalarni va ishlash usullarini joriy etish, O‘simliklar karantini davlat inspektsiyasi mas’ul xodimlarining majburiyatlarini aniq belgilash, shuningdek don, o‘simliklar, xomashyo va boshqa o‘simlik mahsulotlari bilan xalqaro miqyosda savdo qilishda o‘simliklar kasalliklarini qo‘zg‘atuvchilar, yovvoyi o‘tlar va zararkunandalar o‘tishining oldini olish maqsadida import va eksport qiluvchi mamlakatlarning tadbirkorlik sub'yektlari bajarishi kerak bo‘lgan fitosanitariya chora-tadbirlari hamda normalarini mukammal belgilash orqali fitosanitar xavfsizlikni ta’minlashga doir tadbirlarni amalga oshirish imkonini beradi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘ngra senatorlar davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatini, jinoyat va jinoyat-protsessual qonun hujjatlarini, ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirishga, shuningdek mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishga qaratilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Senatorlar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qator qonunlarni ham ko‘rib chiqdilar. Qonunlar senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlarining 2017 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini eshitdilar.

Hisobotda ta’kidlanganidek, prokuratura organlari tomonidan 2017 yilda qonun ustuvorligini ta’minlash, qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolar huquqlari va erkinliklarini, jamiyat va davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoyalash, mamlakatda jinoyatlar va huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasi borasida muayyan ishlar amalga oshirildi.

Xususan, tadbirkorlik sub'yektlarining huquqiy himoyasini kuchaytirish, tuman (shahar) prokuraturalarida tadbirkorlik faoliyati erkinligi kafolatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining shak-shubhasiz ijrosini ta’minlash maqsadida 386 ta shtat birligi miqdorida qo‘shimcha prokuror o‘rinbosari va yordamchisi lavozimlari joriy etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 noyabrdagi “Prokuratura organlarining axborot-tahlil faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq amalga oshirilayotgan islohotlar va yangilanishlarning, qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, aholini yuz berayotgan voqealardan o‘z vaqtida xabardor qilish maqsadida Bosh prokuratura huzurida Axborot-tahlil multimedia markazi tashkil etildi.

Qonuniylikni ta’minlash holatini va jinoyatlar sonini tahlil qilish natijalari bo‘yicha huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish, huquqiy normalarni qo‘llashda noxolislikka yo‘l qo‘ymaslik, me’yoriy-huquqiy hujjatlarni amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqish maqsadida 2017 yilda Bosh prokuratura tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va Vazirlar Mahkamasining qator qarorlari qabul qilindi.

Qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga muvofiq prokurorlar tomonidan har yili o‘z faoliyati haqida xalq deputatlarining tegishli Kengashlariga hisobot taqdim etish hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini qonuniylikni ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish holati to‘g‘risida xabardor qilish tartibi belgilandi.

Qishloq xo‘jaligida islohotlar olib borishga qaratilgan qonunlar ijrosi bo‘yicha o‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida fermer xo‘jaliklariga 51,3 mlrd. so‘mlik kredit, 9,9 mlrd. so‘mlik ish haqi olishda hamda 5,8 mlrd. so‘mlik debitorlik qarzini undirishda, 375 ta fermer xo‘jaligining bankda hisob raqamlarini ro‘yxatdan o‘tkazishda va ochishda amaliy yordam berildi. Nazorat tadbirlari vaqtida 15,5 ming gektar asossiz berilgan yoki noqonuniy foydalanilayotgan yerlar zaxira jamg‘armasiga qaytarildi, irrigatsiya va melioratsiya tadbirlarini o‘tkazish uchun ajratilgan 114 mln. so‘m hamda 61,8 mlrd. so‘mlik ish haqi, kreditlar va boshqa to‘lovlar talon-toroj qilingani aniqlandi. Aybdorlar javobgarlikka tortildi.

Nazorat tadbirlari davomida 51 260 ta tadbirkorlik sub'yektining huquqlarini buzish holatlari, shu jumladan 57 ta noqonuniy aralashish holati va 53 ta noqonuniy tekshiruv, 752 ta noqonuniy qaror qabul qilingani aniqlandi. 49 866 nafar tadbirkorning huquqlari va 2797 nafar tadbirkorning faoliyati tiklandi.

Hisobotni eshitgach, senatorlar jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash, adolatni mustahkamlash, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha chora-tadbirlarni kuchaytirish zarurligini qayd etdilar.

Shundan so‘ng senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2017 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni eshitdilar.

Qayd etilganidek, 2017 yilda Hisob palatasi tomonidan 70 ga yaqin tahliliy o‘rganish va nazorat tadbiri olib borildi. Shundan 49 tasi bevosita joylarda, qolganlari vazirlik va idoralarda o‘tkazildi.

Hisobotda ta’kidlanganidek, 2018 yilgi Davlat byudjeti loyihasini va soliq-byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlarini ko‘rib chiqishda Hisob palatasi tomonidan takliflar tayyorlangan va Moliya vazirligiga taqdim etilgan. Ushbu takliflar asosida byudjet daromadlari prognozi 1,4 trln. so‘mga qayta hisob-kitob qilindi. Davlat byudjetining respublika va mahalliy darajadagi shakllanishi hamda uning ijrosi yuzasidan nazorat o‘rnatilib, davlat mablag‘larining qonuniy, maqsadli, samarali sarflanishi byudjetdan moliyalashtiriladigan vazirlik va idoralar misolida o‘rganib chiqildi.

Nazorat tadbirlari natijasida 37 mlrd. so‘mlik va 7 mln. dollarlik noqonuniy va samarasiz xarajatlar hamda 270 mlrd. so‘mlik qo‘shimcha daromad manbalari aniqlandi.

Senatorlar hisobotni eshitib, Davlat byudjeti va byudjetdan tashqari jamg‘armalar mablag‘laridan samarali, byudjet daromadlari manbalaridan esa to‘liq foydalanish, joylardagi sektorlar rahbarlarining ish faoliyatiga baho berish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining, Prezident qarorlari va farmoyishlaridagi topshiriqlarning ijrosi ustidan nazoratni yanada kuchaytirish yuzasidan tegishli choralar ko‘rish zarurligini ta’kidladilar. Muhokama yakuni bo‘yicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Shundan keyin senatorlar O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining ichki ishlar organlari tomonidan 2018 yilning birinchi yarim yilligida jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash borasidagi faoliyati to‘g‘risidagi axborotini eshitdilar.

Qayd etilganidek, hisobot davrida vazirlik tomonidan jamiyatda tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash, tergov jarayonida gumon ostida bo‘lgan va jabrlangan shaxslarning huquqlarini to‘liq himoya qilishga qaratilgan qator ishlar amalga oshirildi.

Joriy yil boshidan buyon olib borilgan ishlar natijasida sodir etilgan jinoyatlar sonini 40,7 foizga kamaytirishga erishildi.

Shu bilan birga, keyingi vaqtda ichki ishlar organlarining tezkor-xizmat faoliyati jinoyatchilikning erta oldini olish, huquqbuzarliklarga qarshi kurashish ishlariga qaratildi. Har bir xonadonni o‘rganish va mavjud muammolarni qisqa muddatda hal etish bo‘yicha keng qamrovli tadbirlar amalga oshirildi.

Mahallalarda jinoyatchilikning erta oldini olishda va aholida jinoyatlarning har qanday ko‘rinishiga murosasiz munosabatni shakllantirishda muhim omil sifatida har bir sodir etilgan jinoyatni jamoatchilik bilan muhokama qilish va har oyda aholi oldida profilaktika inspektorlari tomonidan hisobot berish mexanizmi yo‘lga qo‘yildi.

Bundan tashqari, yosh oilalar orasida ajrashish hollarining oldini olish, notinch oilalardagi janjallarni bartaraf etish bo‘yicha mutaxassislar ishtirokida maqsadli profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilandi. 

Profilaktika inspektorlari Ichki ishlar vazirligining ma’lumotlar bazalariga ulangan zamonaviy mobil smartfonlar bilan ta’minlangani ularning faoliyatini yanada yaxshilashda muhim omil bo‘layotgani qayd etildi. Shu orqali ularga shubhali shaxslarni tekshirish va huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yagona bazaga joylashtirish uchun imkoniyat yaratildi.

Sud-huquq tizimini isloh qilish doirasida qonun ustuvorligini ta’minlash va inson huquqlari buzilishining oldini olish, gumon qilinuvchi va ayblanuvchilarga nisbatan zo‘ravonlik va shafqatsizlikning har qanday ko‘rinishlariga chek qo‘yish maqsadida tergov izolyatorlarida va tergovchilar xonalarida so‘roq qilish jarayonini stenografiyaga tushirish, tergov harakatlarini audio va video qayd etish tizimlari joriy etildi.

Ichki ishlar vazirining axborotini muhokama qilish chog‘ida senatorlar tomonidan jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini oshirish borasidagi ichki ishlar organlarining faoliyatida yangi innovatsion texnologiyalardan yanada kengroq foydalanish tavsiya etildi.

Senatorlar ta’kidlaganidek, ichki ishlar organlari faoliyatining tubdan yaxshilanishi 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturini muvaffaqiyatli ro‘yobga chiqarishning muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Muhokama yakunlari bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati o‘n beshinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi.

Поделиться