Tennis: Nigina “Fyuchers” turniri g‘olibi, Sabina esa ilk bor “Uimbldon” turnirida
Avval xabar berganimizdek, Andijon, Namangandan keyin Farg‘onada ham tennis bo‘yicha “Fyuchers” turkumiga kiruvchi xalqaro turnir yakuniga yetdi.
Quvonarli tomoni, mukofot jamg‘armasi 25 000 AQSH dollarini tashkil qilgan musobaqaning yakkalik bahslarida bosh sovrin hamyurtimiz Nigina Abduraimovaga nasib etdi. Turnirda uchinchi raqam ostida tasniflangan, mamlakatimizning ikkinchi raketkasi hisoblangan Nigina final bellashuvida rossiyalik Anastasiya Frolovaga qarshi kortga chiqdi va birinchi setni 6:3 hisobida o‘z foydasiga hal etdi. Ikkinchi setning ikkinchi geymidan so‘ng rossiyalik sportchi kurashni davom ettira olmasligini ma’lum qildi. Shu tariqa, Nigina Abduraimova Farg‘ona “Fyuchers” turniri g‘olibasiga aylandi.
Farg‘ona turnirini erta tark etgan yana bir hamyurtimiz - Sabina Sharipova ayni paytda “Uimbldon“ turniridagi ilk ishtirokini boshlash arafasida turibdi.
Tennischimiz “Ulkan toj“ni saralash bosqichidan boshlaydi. U ilk davrada italiyalik 22 yoshli Yasmine Paoliniga qarshi kortga chiqadi.
Taqqoslash uchun, Sabina WTA reytingida 133, Yasmine esa 177-o‘rinda borishmoqda.