O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Davlat xaridlari mavzusiga bag‘ishlangan navbatdagi anjuman tashkil etildi
2018-06-27 | Iqtisodiyot
Joriy yil 20 iyun kuni Milliy matbuot markazida “Davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portali – elektron tijoratning yangi birja modeli” mavzuida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Anjuman O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi va “O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ tomonidan tashkil etildi. Tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad birjaning maxsus axborot portalida ilk amalga oshirilgan davlat xaridlarining dastlabki natijalari bilan tanishtirish iborat bo‘ldi.
Matbuot anjumanida qayd etilganidek, “O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi “O‘zRTXB” AJ ni davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portali - xarid.uz ning operatori etib tayinladi.
Mazkur portal elektron tijoratning B2G modeli sifatida O‘zbekiston Respublikasida davlat xaridlari bo‘yicha yagona axborot resursi, hamda elektron davlat xaridlarini elektron do‘kon va narxlarni pasayishga yo‘naltirilgan elektron auksion shaklida amalga oshiriladigan savdo maydonchasi hisoblanadi.
O‘z navbatida davlat xaridlari bo‘yicha Operator portalning uzluksiz ishlashini, undagi ma’lumotlarning saqlanishini va texnik qo‘llab-quvvatlashni ta’minlaydi. Shuningdek operator Loyiha boshqaruvi milliy agentligi va boshqa davlat organlarining ma’lumotlar bazasi bilan o‘zaro bog‘lash tadbirlarini amalga oshiradi.
Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, davlat xaridlari subyektlari taqdim etilgan elektron hujjatlar va elektron xabarlarning, shu jumladan bo‘lajak davlat xaridlari to‘g‘risida maxsus axborot portalida joylashtiriladigan axborotning mazmuni bilan bog‘liq huquqiy oqibatlar uchun javobgardir.
Elektron do‘kon va boshlang‘ich narxni pasaytirishga yo‘naltirilgan auksion shaklida xarid jarayonlari birjaning maxsus portalida o‘tkaziladi. Byudjet va korporativ buyurtmachilari boshqa xarid turlari, ya’ni tanlov, tender va yagona yetkazib beruvchidan xarid qilish bo‘yicha portalga ma’lumotlar joylashtiradi. Portaldagi barcha amallar elektron raqamli imzo yordamida onlayn rejimida foydalaniladi.
Elektron davlat xaridlarida ishtirok etish uchun buyurtmachilar va yetkazib beruvchilar birjaning rasmiy vebsayt www.uzex.uz da ro‘yxatdan o‘tadilar va xaridning boshlang‘ich narxining 3 foizi miqdorida zakalat va komission yig‘imlarni qoplash uchun shartnoma narxining 0,15 foiz miqdoridagi mablag‘ni garov sifatida kiritadilar.
Elektron do‘konda byudjet va korporativ buyurtmachilar talabgorning takliflari orasida zarur lotni tanlaydilar va narx so‘rash mexanizmini faollashtiradi. Keyingi 48 soat mobaynida yetkazib beruvchilar xuddi shunday tovarga o‘z narx takliflarini tizimga kiritadilar. Savdo g‘olibi elektron tizimga kiritilgan narx takliflarini solishtirgan holda avtomatik rejimda aniqlanadi. Buyurtmachi va yetkazib beruvchi o‘rtasidagi shartnoma mijozning shaxsiy kabinetida elektron shaklda imzolanadi. Agar boshqa nomzodlar narx takliflarini bermasalar, shartnoma oferta joylashtirgan yetkazib beruvchi bilan tuziladi.
Boshlang‘ich narxni pasaytirishga yo‘naltirilgan elektron auksion 10 kun ichida amalga oshiriladi. Ushbu vaqt mobaynida respublikaning barcha yetkazib beruvchilari, jumladan, barcha tadbirkorlar qo‘shimcha zakalat bilan ta’minlash sharti bilan narx takliflarini berishlari mumkin. Savdo bosqichlari xaridning boshlang‘ich narxining 2 foizi miqdorida belgilangan. Auksionda eng past narx taklif etgan talabgor tizim tomonidan g‘olib deb topadi va uning nomi portalda aks ettiriladi. O‘z navbatida shartnoma buyurtmachi va savdo g‘olibining shaxsiy kabinetida shakllanadi.
Kamida ikki nomzod ishtiroki etgan auksion o‘tkazilgan, deb hisoblanadi. Agar auksionda bir nafar yoki birorta nomzod ishtirok etmagan bo‘lsa, auksion qo‘shimcha ravishda 5 kunga uzaytiriladi.
Tuzilgan shartnoma ro‘yxatdan o‘tgan kundan boshlab 10 kun davomida byudjet buyurtmachilari shartnomada keltirilgan mablag‘ning to‘liq hajmini Operatorning G‘aznachilikdagi maxsus hisob varag‘iga o‘tkazib beradi. Korporativ buyurtmachilar esa mazkur mablag‘ni birjaning Hisob-kitob kliring palatasidagi o‘z hisob varag‘iga o‘tkazishadi. Buyurtmachi o‘z vaqtida zarur mablag‘ni kiritmagan taqdirda, uning garov mablag‘i ijrochining Hisob-kitob kliring palatasidagi, keyinchalik esa jabrlangan tomonning bankdagi hisob varag‘iga jarima sifatida o‘tkaziladi.
Tovar yetkazib berilmagan yoki noto‘g‘ri yetkazilgan holatlarda shartnoma bo‘yicha pul mablag‘i buyurtmachining hisob varag‘iga qaytariladi. Ijrochining zakalat mablag‘i buyurtmachining hisob varag‘iga o‘tkaziladi yoki sud yoxud Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiyaning qarori bilan blokdan chiqariladi.
Ayni vaqtda birjaning XARID elektron tizimida 30 mingdan ziyod byudjet tashkilotlari, 1,5 ming korporativ buyurtmachilar va asosiy qismini tadbirkorlik subyektlari tashkil etuvchi 9 mingga yaqin yetkazib beruvchilar ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Shu bilan birga, elektron do‘konda 16 mingga yaqin tovarlar va xizmatlar, elektron auksionda esa 7 mingdan ortiq davlat buyurtmalari joylashtirilgan. Portalning bir oylik faoliyati davomida tizimda qiymati 12,5 mlrd so‘mga teng 5 mingdan ziyod shartnomalar tuzilgan va bu ko‘rsatkichlar o‘sishni davom etmoqda.
Yangi tartib va mexanizmni targ‘ib qilish maqsadida Loyiha boshqaruvi agentligi O‘zRTXB, Moliya vazirligining G‘aznachiligi bilan birgalikda respublikaning barcha hududlarida buyurtmachilar va yetkazib beruvchilar ishtirokida seminarlar o‘tkazib kelinmoqda.