O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qishloq xo'jaligida tadbirkorlar uchun yana bir qulay imkoniyat
2018-06-26 | Jamiyat
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 maydagi «Qishloq xo'jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga mexanizatsiya va servis xizmatlarini ko'rsatish samaradorligini oshirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi PF-3751-sonli qarori qabul qilindi.
Ushbu qarorga binoan 2018 yil 1 iyuldan boshlab qishloq xo'jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarga yakka tartibdagi tadbirkorlarga eksperiment tarzda mexanizatsiya va servis xizmatlari ko'rsatish faoliyatini amalga oshirishga ruxsat berildi.
Shuningdek, 2020 yil 1 yanvarga qadar o'tkazilgan eksperiment natijalari bo'yicha mashina-traktor parklarini boshqarishni tashkil etishning eng samarali shaklini qo'llash bo'yicha asoslangan taklif kiritiladi.
Bu boradagi cheklovlarning olib tashlanayotgani birinchi navbatda mazkur xizmatlar bozorining tezkor rivojlanishiga va qishloq xo'jaligi yerlarining zarur texnika bilan keng qamrab olinishini ta'minlaydi, tadbirkorlik sub'ektlarining mashina-traktor parklari faoliyatiga faol jalb etilayotgani, ularni rivojlantirish va modernizatsiya qilish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Qarorda shuningdek, Savdo-sanoat palatasi va O'zbekiston fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga qishloq aholisini qishloq xo'jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga mexanizatsiya va servis xizmatlarini ko'rsatish bo'yicha faoliyatga jalb etish yuzasidan keng qamrovli tushuntirish ishlarini olib borish, shuningdek, ularga o'z faoliyatlarini tashkil etishda amaliy yordam ko'rsatish vazifasi yuklatilgan.
Shu asosda, qayd etilgan qaror mazmun mohiyati bo'yicha tadbirkorlik sub'ektlariga tushuntirish ishlarini olib borish bo'yicha chora-tadbirlar davomli ravishda amalga oshirilib beriladi.
Qaror bilan quyidagi xavola orqali tanishishingiz mumkin.