O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan eng faol matbuot xodimlari munosib taqdirlandi
2018-06-26 | Jamiyat
Bugun Ichki ishlar vazirligi Madaniyat saroyiga tashrif buyurgan ichki ishlar organlari xodimlarining kayfiyati o‘zgacha boisi “27 iyun - Matbuot va ommaviy axborot vositalari kuni” munosabati bilan ajoyib tadbir dasturi tashkil etildi.
Uni vazirlikning Kadrlar bosh boshqarmasi, Ma’naviy - tarbiyaviy ishlar va ijtimoiy himoya boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Xamza Maxsumov ochib berdi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, “Oltin qalam” milliy mukofoti sohibi, jurnalistika sohasining ustozlaridan biri Sayid Umirov tashrif buyurib, yig‘ilganlarga jurnalistika sohasi tarixi va bugungi holati haqida qimmatli ma’lumotlarni taqdim etgan bo‘lsa, taniqli siyosiy sharhlovchi Qobilbek Karimbekov yurt rivojida OAVning tutgan o‘rni va bugungi kunning dolzarb masalalari haqida qiziqarli ma’ruzani yig‘ilganlarga taqdim etdi.
Ma’ruzadan so‘ng polkovnik Xamza Maxsumov O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining Ichki ishlar vazirligi faoliyatini yoritishda doimiy ravishda hamkorlik qilayotgan ommaviy axborot vositalari vakillarini hamda ichki ishlar organlarining bir guruh xodimlarini rag‘batlantirish to‘g‘risidagi Ichki ishlar vazirining buyrug‘ini o‘qib eshittirdi. Unga muvofiq vazirlik bilan samarali ijodiy hamkorlik qilib kelayotgan bir qator ommaviy axborot vositalari vakillari alohida e’tirof etilib, qimmatli sovg‘alar bilan taqdirlandilar.
O‘z o‘rnida tadbirda bayram munosabati bilan xizmat vazifalariga vijdonan va sidqidildan yondashib, ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarni ommaviy axborot vositalarida yoritishda fidoyilik bilan xizmat qilib, fuqarolar orasida ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan ishonchining mustahkamlanishiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan va yuksak kasb mahoratlarini namoyon etgan xodimlarni rag‘batlantirish maqsadida vazirlik tomonidan tashkil etilgan “Ichki ishlar organlari matbuot xizmatining eng faol xodimi” ko‘rik-talovining yakuniy bosqichida g‘olib deb topilgan bir qator xodimlar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Ichki ishlar vazirining buyrug‘iga asosan ajratilgan qimmatli sovg‘a va diplomlarni Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi boshlig‘i general-mayor Qutbiddin Burxonov o‘zining samimiy tabriklarini bildirib, o‘z egalariga topshirdi.
Jumladan “Ko‘rik-tanlovning barcha talablari bo‘yicha faolligi uchun” nominatsiyasida Qashqadaryo viloyati IIB Matbuot guruhi rahbari - boshqarma boshlig‘ining matbuot kotibi, podpolkovnik Iroda Rasulova fahrli birinchi o‘ringa, Farg‘ona viloyati IIB Matbuot guruhi rahbari - boshqarma boshlig‘i matbuot kotibi, podpolkovnik Umidjon Soliyev ikkinchi o‘ringa, Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi Matbuot guruhi rahbari-boshqarma boshlig‘ining matbuot kotibi, kapitan Farxod Toshboyev esa 3-o‘ringa munosib ko‘rilib, pul mukofoti va diplomlar bilan taqdirlandilar.
Shu bilan birga, tadbirda ko‘rik-tanlovning asosiy nominatsiyalari bo‘yicha Namangan viloyat IIB PPX va JTSB PPX bataloni saf bo‘linmalari otliq guruh otliq-xodimi, safdor Shokirjon Xoshimov “Eng yaxshi televideniye materiali uchun”, O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi Matbuot guruhi boshlig‘i, kapitan Dilmurod Jo‘rayev “Eng yaxshi radio materiali uchun”, O‘zbekiston Respublikasi IIV YOXBB Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish bo‘linmasi boshlig‘i, mayor Jaloliddin Hakimov “Eng yaxshi matbuot materiali uchun” hamda Xorazm viloyati ichki ishlar boshqarmasi Matbuot guruhi rahbari-boshqarma boshlig‘ining matbuot kotibi podpolkovnik Zokir Ismoilov “Eng yaxshi internet materiali uchun” diplom va noutbuk bilan mukofotlandilar.
O‘z o‘rnida yana bir ma’lumotni qayd etib o‘tish kerakki, jurnalistning har bir maqola, telemahsulot yoki ijodiy ishi foto va videotasvirchilarning olgan suratlari, video tasvirlari hamda videomontaj ustalarining ishlari bilan yanada ta’sirli, ya’nada e’tiborli bo‘ladi. Aynan shu jihatlar inobatga olinib, vazirlik tomonidan bir qator qo‘shimcha nominatsiyalar joriy etilib ularning mehnati ham alohida e’tirof etildi. Xususan, “Eng yaxshi fotosurat uchun” nominatsiyasida Sirdaryo viloyati IIB Matbuot guruhi rahbari-boshqarma boshlig‘ining matbuot kotibi, kapitan Doston Shamsidinov, “Eng yaxshi videomontaj uchun” nominatsiyasida Toshkent shahar IIBB PPXB 3-batalon shtab katta inspektori, katta serjant Sherali Mirzachayev hamda “Eng yaxshi videotasvir uchun”nominatsiyasida O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi safarbar muxbirlar guruhi tasvirchisi, safdor Dilmurod Ziyayevlar eng so‘nggi rusmdagi planshet va diplom bilan taqdirlangan bo‘lsalar, “27 iyun - Matbuot va ommaviy axborot vositalari kuni” munosabati bilan vazirlikning Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi shaxsiy tarkibining bir qator xodimlari pul mukofoti bilan taqdirlandilar.
Shuningdek, IIV muassisligida nashr qilib kelinayotgan “Postda” va “Na postu” gazetasining xodimlari ham davlatimiz taraqqiyoti yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar, siyosiy jarayonlar va ichki ishlar tizimidagi islohotlar borasida xolisoni fikr yuritib, o‘zlarining tanqidiy-tahliliy materiallari bilan jadal faoliyat yuritayotganliklari uchun bayram munosabati bilan rag‘batlantirildi.
Muxtasar aytganda, vazirlik tomonidan taqdirlangan xar bir matbuot xodimi, tizimning rivoji, xalqning ishonchini qozonish yo‘lida qilinayotgan ishlarni keng jamoatchilikka taqdim etishdagi fidoyi mehnatlari e’tiborsiz qoldirilmasligini ko‘rib, g‘urur va iftihor ila mamlakatimiz Prezidenti hamda Ichki ishlar vaziriga o‘zlarining samimiy minnatdorchiligini bildirdilar. Ishonamizki, bugun qilingan e’tibor va rag‘bat kelgusida ular faoliyatlarida yanada jadal, tashabbuskorroq bo‘lishga poydevor bo‘ladi - deya xabar beradi o‘z muxbirimiz Mirzo Ulug‘bek Madalimov.