Idoralararo mobil guruhlar – bu giyohvand moddalar kontrabandasiga qarshi kurashda xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlaydi
“O‘zekspomarkaz”da O‘zbekistonda giyohvand moddalar aylanishiga qarshi kurashuvchi Idoralararo mobil guruhlar faoliyatini ishga tushirish rasmiy marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur mobil guruhlar Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati va Davlat bojxona qo‘mitasi xodimlari ishtirokida tashkil etilmoqda.
Rasmiy marosimda BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Ashita Mittal, Yaponiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Nobuaki Ito hamda tegishli vazirlik va idoralar, diplomatik vakolatxonalar vakillari ishtirok etdi.
Idoralararo mobil guruhlar faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi tomonidan milliy benefitsiarlarga Yaponiya hukumati tomonidan moliyalashtirilgan 30 dona transport vositasi va bir qator maxsus asbob-uskunalar topshirildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, endilikda kerakli texnik vositalar bilan yaxshi ta’minlangan Idoralararo mobil guruhlar O‘zbekiston hududi bo‘ylab noqonuniy giyohvand moddalar savdosiga qarshi birgalikda patrullash amaliyoti va tezkor tadbirlarni amalga oshiradi.
– Bugungi tadbir respublikamizning giyohvand moddalar kontrabandasiga qarshi sa’y-harakatlari davomiyligining dalolati, shuningdek, O‘zbekistonning 2017-2019 yillarda BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi bilan hamkorligini yanada rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” bajarilishining oraliq natijalaridan biri hisoblanadi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi direktori Olim Narzullayev.
Ma’lumki, Markaziy Osiyo davlatlari hududlari orqali “shimoliy yo‘nalish” bo‘ylab ro‘y berayotgan giyohvand moddalar kontrabandasi, Afg‘onistonda giyohvand moddalar yetishtirilishi miqdori yuqori darajada saqlanib qolmoqda, bundan tashqari, jinoiy guruhlar tomonidan yangicha uslublar va texnologiyalarni qo‘llash kuzatilmoqda. Bu esa mazkur illatga qarshi kurashda huquqni muhofaza qilish idoralari o‘rtasida o‘zaro axborot almashinuvini ta’minlash, faoliyatini muvofiqlashtirish va hamkorlikni kuchaytirishni talab etmoqda.
Rasmiy marosimdan so‘ng tadbir ishtirokchilari Idoralararo mobil guruhlar uchun topshirilgan transport vositalari va maxsus asbob-uskunalar bilan yaqindan tanishdi.
Inobat Ahatova, A’lo Abdullayev (surat) O‘zA