O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston-AQSH: Milliy qadriyatlar – o‘zaro hurmat manbai

2018-06-26 | Jamiyat

O‘zbekiston va AQSHdagi Prezident saylovlaridan keyin ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarildi. 2018 yilda “O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari: strategik sheriklik yangi davrining boshlanishi” deb nomlangan Qo‘shma bayonot qabul qilindi. Bu hujjat ikki davlat rahbarlarining yakdil va qat’iy irodasi ifodasi bo‘ldi. 

Yangi davr o‘z nomi bilan yangi. U o‘zaro anglashuv, hurmatning yangi darajasini boshlab berdi. Vashingtondagi qabul marosimida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “...Garchi mamlakatlarimiz geografik nuqtai nazardan bir-biridan olis bo‘lsa-da, mehnatsevarlik, bag‘rikenglik va vatanparvarlik kabi qadriyatlar xalqlarimizni birlashtirib turadi”, dedi. Donald Tramp esa “...Ishonamanki, sifat jihatidan yangi pog‘onaga ko‘tarilgan hamkorligimiz ikki mamlakat porloq kelajagining muqaddimasi, xolos”, deya e’tirof etdi. 

Oliy darajadagi uchrashuvda tilgan olingan bu jihatlar xalqlarimizni bir-biriga chuqurroq, qaytadan anglata, tanishtira boshladi. 

 
Beruniy va Kolumb


O‘zbekiston va AQSH munosabatlarida ikki mamlakat Prezidentlarining yangi davrni boshlab bergani bejiz emas. Bunda tarixiy hikmat bor. Amerikani ikki kishi kashf qilgan. Ilk bor – Beruniy, so‘ngra – Kolumb. Shuning uchun Manxettenda turgan Kolumbning oldiga Beruniyning haykali o‘rnatilsa, tarixiy adolat qaror topardi. Bu Kolumbning qo‘liga xarita berib, yo‘l ko‘rsatgan buyuk Beruniyga minnatdorlik izhori bo‘lardi. Xuddi Fransiyada Sohibqiron Amir Temurga qo‘yilgan “Yevropa xaloskori” haykalidek... 

2012 yilning 13 oktyabr kuni O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron o‘z saytida “... 1492 yilning 12 oktyabrida Xristofor Kolumb Amerika qit’asiniyevropaliklar uchun kashf etgan edi. Yevropaliklar uchun deyishimning sababi, osiyoliklar, xususan, qadimiy turklaru xitoyliklar qadim-qadimdan Yevropa uchun noma’lum bo‘lgan qit’a bilan tanish edilar”, degan satrlarni bitdi. 

Geografik masofa, biz 74 yil yashagan sobiq tizimning mafkurasi amerika va o‘zbek xalqlarining bir-birlari haqidagi tasavvurlarida o‘z izini qoldirganini yaxshi bilamiz. Bu haqda Ahmadjon Meliboyev shunday yozadi: “Sho‘rolar davrida chop etilgan kitoblarni o‘qisang, G‘arbga safar qilish u yoqda tursin, bu to‘g‘rida o‘ylashga ham xohishing qolmasdi. Nega desangiz, ularda yozilishicha, dunyoning jamiki illati – shu joyda, jamiyat irib-chirib borayotgan, boylar kambag‘allarni ezib-yanchayotgan, fermerlar ortiqcha mahsulotlarini arzon-garovga sotishdan ko‘ra, ustiga kerosin sepib axlatga tashlayotgan bo‘lardi. Ko‘chaga chiqsang – qarso-qurs otishma to‘s-to‘polon. Bir yoqda yuz qavatli, salobatidan bulut cho‘chiydigan hashamatli binolar, ikkinchi yoqda mayda-chuyda, puf deyilsa, to‘zg‘ib ketadigan xaroba uylar. Mehr-muruvvat, saxovat, degan gapdan asar ham yo‘q. Bu gaplarga ishonganmiz. U paytlarda ishonmaslikning o‘zi gumrohlik edi...” Yoshlarimizga bunday qarash g‘alati tuyular. Lekin aynan shunday edi. Bu sinfiy yondashuv, deyilardi. 

Bugun – xalqaro munosabatlarning mutlaqo yangi – tenglik, o‘zaro hurmatga asoslangan formati amalda. O‘zligimizga hurmatimiz oshgani sari jahoniy e’tiborimiz yuksalmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Donald Tramp taklifiga binoan 2018 yil 15-17 may kunlari AQSHga qilgan rasmiy tashrifi buning yaqqol misoli bo‘ldi. Ikki davlat Prezidentlarining qo‘llari yaxshi niyat, bir-birini anglash, hurmatga qurilgan, uzoq muddatli sheriklik uchun mahkam siqildi. 
 

Amerikacha mehnatsevarlik


Tarixdan ma’lum, amerika qadriyatlari yangi yerga yaxshi hayot umidida ko‘chib kelgan, o‘z qobiliyat va matonatini ishga solib, qiyinchiliklarni yengib yashagan muhojirlarning orzularidan boshlangan. XIX asrda mashhur bo‘lgan, faqat o‘ziga va otiga ishonuvchi, barcha xavflarga qarshi tura oluvchi mard, birso‘z, tavakkalchi kovboy obrazi ma’lum. Ana shu “kovboy ruhi” bilan “millat otalari” rahnamoligida kurashib, mustaqillikka chiqishdi. O‘rmonlar o‘zlashtirildi, konlar topildi. Sanoat gurillab, osmono‘par binolar qurildi. Tadbirkorlar boyib, ishchi o‘rinlar ko‘paydi, odamlarning samarali mehnatiga, farovon yashashiga sharoit yaratib berildi. Amerikaliklar buni yaxshi biladi va “boylar birovlarning hisobiga yashaydi”, deb hisoblashmaydi. 

Rostdan shundaymi? Manbalarga ko‘ra, amerikaliklar bir haftada 38 soat ishlaydi. Bu fransuz, nemis, avstraliyaliklarga qaraganda ko‘proq. 

Bunda amerikaliklarning milliy g‘oyasi – “Amerika orzusi”ning roli katta. Bu ibora amerika xalqi moddiy va ma’naviy orzularining ifodasi. Uilyam Sefayrning “Siyosiy lug‘ati”da"Amerika orzusi” – bu, “asoschi otalar” belgilab bergan ideal erkinlik va imkoniyatlarning ifodasi; amerika millatining ma’naviy qudrati,agarda AQSH tuzumi Amerika siyosatining skeleti bo‘lsa, “Amerika orzusi” – uning qalbi”, deyiladi. “Amerika orzusi”ning tarkibiy qismlari sifatida halol mehnat bilan o‘zini namoyon qilish, erkin tadbirkorlik, ijtimoiy mas’uliyat, vatandoshlarni hurmat qilish, jamiyatda odamning hurmat-e’tibori va rolining oshishi e’tirof etiladi. 

Amerikaliklar ma’naviyatida kelajakka ishonch yetakchi qadriyat hisoblanadi. Bu ularga tuganmas optimizm ruhini bag‘ishlaydi. Shuning uchun ular omadsizlikka uchrasa “Bu gal o‘xshamadi, lekin endi oqilona yo‘llarini topaman”, deb ishni qayta boshlaydi. 

Keyingi o‘n yilliklar amerikaliklarning kelajakka intilishiga kuchli impuls berdi. Ayniqsa, axborot texnologiyalari ularni “olg‘a yuguruvchilar”dan “oldinga sakrovchilar”ga aylantirdi. Hamma narsa kompyuterlashdi. Internet, sun’iy yo‘ldoshga ulangan telefonlar aholi mobilligini bir necha karra tezlashtirib yubordi. 

Amerikaliklar farzandlarini hali bolaligidanoq mustaqil qarorlar qabul qilishga o‘rgata boradi. 18 yoshdan boshlab yoshlar ota-onaga yuk bo‘lmaslik uchun ota uyini tark etib, o‘qishga, ishga chiqib ketadi. Shaxsiy hayoti bilan bog‘liq barcha muammolarni o‘zlari hal qiladi. Yoshlarning ota-ona bag‘rida 18 yoshdan keyin qolib ketishi atrofdagilarda ular haqida “xom”, hayotga tayyor emas”, “umurtqasi yo‘qmi, ota-onasiga yuk bo‘layapti”, degan norozilikni uyg‘otadi. Ba’zan ota-ona yosh o‘g‘il-qizlariga yordam beradi. Biroq, buni bolamiz uyalmasin, deb imi-jimida qiladi. 

Amerikaliklar vaqtni – pul, deydi. Bu qoidaga nafaqat ishlab chiqarishda, balki hamma joyda, masalan, savdo va xizmat ko‘rsatishda ham amal qilishadi. Jarayonlarni avtomatlashtirib, hammaning vaqtini tejashadi. Ayni vaqtda ishchan va g‘ayratli odamlarni ko‘proq hurmat qilishadi. Shuning uchun boy amerikaliklar qartayib qolganida ham ishlaydi. Pul uchun emas, ishsiz yashay olmasligi uchun. 

Sotsiologlarning tadqiqotlariga ko‘ra, amerikaliklar monoxron madaniyatga mansub xalq. Ya’ni ular har bir ishni birma-bir, qat’iy ketma-ketlikda, tartib bilan, o‘zbekcha qilib aytganda, risoladagidek bajarishadi. Hatto tartibga rioya qilish ularning o‘sha lahzalardagi manfaatiga zid kelsa ham. Masalan, maktabda qo‘ng‘iroq chalingach dars har qancha qiziq bo‘lmasin yoki mashg‘ulot tugallanmagan bo‘lsa ham to‘xtatiladi. 

Polixron madaniyatga amal qiluvchi mamlakatlarda ishlarni bir vaqtda, yo‘l-yo‘lakay qilib olish, uchrashuv yoki majlisga biroz kechikib borilishi va bunga ahamiyat berilmasligi ham mumkin. Biroq, amerikalik uchun vaqt alohida qiymatga ega. Shu sababli, unda harakatdan to‘xtash, bekorchi gaplar uchun vaqt bo‘lmaydi. Zero, muayyan vaqtdagi amaliy natijadorlik va foydali faollik qadrlanadi. 
 

Amerikacha vatanparvarlik


Amerikada to‘plagan pulining miqdori bilan u odam qanchalik faolligi va jamiyat uchun foydalilik darajasi belgilanadi. Ayni vaqtda odamlar u haqda nima deyishayotgani, uni qanday baholashayotgani ham juda muhim hisoblanadi. Shu tariqa har bir odamning erishgan muvaffaqiyati u haqidagi ijtimoiy fikrda aks etadi.

Odamlarning e’tirofi, mashhurlik jamiyatda tanish-bilishlar davrasini kengaytiradi. Biroq yaqin do‘stlar kam bo‘ladi, chunki do‘stlik vaqt talab qiladi. Vaqt esa – pul. Odatda amerikaliklar notanish odamlarga, qo‘shnilariga yaxshi munosabatda bo‘lishadi, biroq ular bilan do‘stona munosabatlarga kirishmaydi. 

Amerika telekanallarida dasturlar ko‘p, rang-barang. Ommabop shoular bepul bo‘lib, o‘rtamiyona didga mo‘ljallangan. Mumtoz, klassik asarlar – opera, balet, simfonik musiqa, she’riy asarlar esa tansiq. Chunki ular qimmat baholanadi. Ulardan bahramand bo‘lish uchun pulli telekanallarga bog‘lanish kerak. 

"Amerikaliklar – ogoh millat. Bu yerda biror shubhali, qonunga zid ish bilan shug‘ullanayotgan tanishi yoki qo‘shnisining ustidan tegishli organlarga xabar berish uyat hisoblanmaydi. Amerikaliklar xarakterining mana shu fazilati ko‘plab jinoyatlarning oldini olib, xavfsizlik darajasini oshirishga katta yordam bermoqda. Jinoyatchilik Germaniya, Norvegiyaga qaraganda ko‘p (har 100 ming kishiga 4,6 ta qotillik). Biroq, bu ko‘rsatkich ayrim mamlakatlarga nisbatan past va pasaya bormoqda. Masalan, 2005 yilda har 100 ming kishiga 416 ta avtomobil o‘g‘irligi to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2010 yilga kelib bu raqam 239 taga kamaygan. 

AQSHda jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan jamoatchilik nazorati yo‘lga qo‘yilgan. “Xalq drujinalari” faoliyat ko‘rsatadi. Ular Neighborhood Watch (Ogoh qo‘shnichilik) deb nomlanadi. Odamlar guruhlarga uyushib, ko‘chalarda patrullar yordamida tartib saqlanishini nazorat qilishadi. “Biz bir-birimizni ehtiyot qilamiz” shiori ostida amalga oshirilayotgan preventiv choralar jinoyatchilikning oldini olishda katta samara bermoqda", deb yozadi visasam.ru/emigration nashri. 
 

Amerikacha bag‘rikenglik


Xayriya va ta’limga homiylik qilish jamiyat tomonidan yuksak qadrlanadi. Bu falsafa gumanitarizm, degan nom olgan. Masalan, AQSHning mashhur va boy kishilaridan Jon Rokfeller “Siz nima uchun universitet qurishga katta mablag‘ingizni hadya qilayapsiz?”, degan savolga: «Xudo menga pul berdi, nega men uni Chikago universiteti qurilishiga sarflamasligim kerak?”, deb javob bergan. Ko‘pchilik amerikaliklar odam o‘z umri va boyligining bir qismini insonparvarlik maqsadlariga sarflashi kerak. Ana shunda uni Xudo yarlaqaydi, odamlar undan rozi bo‘ladi, deb hisoblashadi. Bundan amerikaliklarda ma’naviy va moddiy qadriyatlar bir-birini to‘ldirib turadi, degan xulosaga kelish mumkin. 

E’tibor bering, jahon xayriya indeksi bo‘yicha AQSH 2017 yilda 139 mamlakat ichida 5-o‘rinni, 2016 yilda 50 mamlakat orasida o‘tkazilgan “Milliy ta’lim tizimi samaradorligi indeksi” tadqiqotida 1-o‘rinni egallagan. 

Erkinlik, demokratiya davrida yashayapmiz. Shu sababli Amerika haqida fikr bildirilganda kimdir ijobiy, kimdir salbiy fikrlarini yozadi. AQSHda yashab kelgan bir fuqaro “AQSH bizning milliy qadriyatlarimizni buzayapti”, degan vatanparvarlarga qo‘shilolmayman. Chunki men AQSHdan qaytib kelgach, amerika qadriyatlaridan birortasini mamlakatimizda ko‘rmadim. Masalan, shahardan uzoqda avtohalokatdan jabrlangan odamni vertolyotda olib ketishganini,yo‘llarda “Tez yordam” mashinasiga yo‘l berib, o‘tkazib yuborishlarni, seni birov quvib o‘tayotganida tezlikni oshirmaslikni, axlatlarni belgilangan paketlarda, turiga qarab tashlashni, eshik tagida qoldirilgan pochta banderoliga hech kim tegmasligini, qo‘shnilar orasida devor bo‘lmasligini, supermarketda seni o‘tkazib yuborgan kishiga rahmat aytib, uzr so‘rashni, avtomobilni taqiqlangan joylarga, bolalar maydonchalari yoniga qo‘ymaslikni, kassa oldida 20 xil narsa xarid qilgan kishining 1-2 narsa olgan kishini navbatsiz o‘tkazib yuborishini, yo‘lda yotgan g‘isht sinig‘ini olib tashlashni, avtomobilda biror hayvonni bexos turtib yuborgan haydovchining uni veterinarga olib borganini, hali juda yosh bolaning politsiya xodimidan tufli bog‘ichini o‘tkazib berishini so‘rashi odatiy hol ekanligini, yaqin insoni vafot etgan kishi qo‘shnilardan yordam so‘rashini emas, qo‘shnilar unga yordamga kelishini men Amerikada ko‘rdim. Bu amerika qadriyatlaridan birortasini mamlakatimizda ko‘rmadim”, deb yozibdi. 

Ma’naviy qadriyatlar, madaniyat, san’at xalqlarimizning bir-birini anglashi, “xalq diplomatiyasi”, gumanitar hamkorlik aloqalarini mustahkamlashning cheksiz manbaidir. Buning ibrati Prezidentimizning O‘zbekiston tarixini dunyoga targ‘ib etayotgan Frederik Starr va barcha amerikalik olimlarga tashakkurlarida namoyon bo‘ldi. 

O‘zbek maqom san’atini rivojlantirish, dunyoda targ‘ib etishga qo‘shgan hissasi uchun maqom ansamblining sobiq xonandasi Izro Malakovga “O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti” faxriy unvoni berilgani unutilmas taassurot qoldirdi. Izro Malakov yuksak e’tibor va qadrdon o‘zbek xalqining unvoni uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi. 

Bu kabi jihatlar O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada rivojlantirishga asos bo‘lib xizmat qilmoqda. 
 

Muhammadjon Quronov,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat
markazi rahbarining birinchi o‘rinbosari.

Поделиться