O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ko‘proq sarmoya – kamroq soliq
2018-06-25 | Jamiyat
Dunyo mamlakatlari har bir sohada integratsiyalashmoqda. Bu jarayonda iqtisodiyot tarmoqlariga xorijiy investitsiya kiritishni davrning o‘zi taqozo etadi. Mamlakatimizda qulay investitsiya muhiti shakllantirilgan, xorijiy investorlar kapitali ishtirokida tashkil etilgan korxonalar uchun soliq imtiyozlari va preferensiyalar tizimi yaratilgan.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb qilingan xususiy xorijiy investitsiyalar hajmi AQSH valyutasida 300 mingdan 3 million dollargacha bo‘lganda – 3 yil, 3 milliondan 10 million dollargacha bo‘lganda – 5 yil, 10 million dollardan ortiq bo‘lganda 7 yil muddatga soliq imtiyozlaridan foydalanish imkoniyatlari mavjud.
Bu - O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 11 apreldagi “To‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy xorijiy investitsiyalarni jalb etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonida belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, ushbu Farmonga muvofiq, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy xorijiy investitsiyalarni jalb etadigan iqtisodiyot tarmoqlari korxonalariga, investitsiyalar hajmidan kelib chiqqan holda, foyda solig‘i, mulk solig‘i, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i, mikrofirma va kichik korxonalar uchun belgilangan yagona soliq to‘lovi, shuningdek, Respublika yo‘l jamg‘armasiga majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod etilgan. Mazkur imtiyozlarni qo‘llanish muddati davomida ulardan olingan daromadning kamida 50 foizini korxonani qayta investitsiyalashga yo‘naltirish belgilangan.
Bu xorijiy investorlar uchun kafolatlar va afzalliklar tizimini yanada kengaytirib, ularning yurtimiz iqtisodiyotiga salmoqli hissa qo‘shish bilan birga, aholining ish bilan bandligini ta’minlashga ham xizmat qilmoqda.
Andijon shahrida xitoylik ishbilarmonlar tomonidan tashkil etilgan “Marjan investment group”. korxonasi faoliyat boshlaganiga hali bir yil ham bo‘lmadi. Lekinu yerda ishlab chiqarilayotgan gazlamalarga yurtimiz bozorlarida talab katta. 130 nafarga yaqin kishi mehnat qilayotgan korxona tomonidan hozirgacha 4 milliard 923 ming so‘mlik mahsulot tayyorlanib, ichki bozorga yetkazib berildi. Natijada, 2017 yilda 138 million, joriy yilning birinchi choragida 93 million 100 ming so‘m soliq imtiyoziga ega bo‘ldi.
Aprel oyidan boshlab korxona mahsulotlari Qirg‘izistonga eksport qilinmoqda. Yil oxirigacha, qo‘shni davlatlar – Tojikiston, Qozog‘iston va Turkmaniston bilan shartnomalar tuzilib, xorijga 400 ming dollarlik mahsulot yetkazib berish ko‘zda tutilgan.
-17 million 225 ming AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritib, faoliyatimizni boshlaganmiz, - deydi“Marjan investment group” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi xorijiy korxona bosh direktor o‘rinbosari Baxtiyor Aripov. – Hozirgi kunda Xitoydan keltirilgan sintetik matolarga gul bosish va bo‘yash ishlari bajarilmoqda. Bu loyihamizning birinchi bosqichi. Soliqdan tejab qolingan mablag‘lar hisobiga yana investitsiya kiritib, ishlab chiqarishni kengaytirmoqchimiz. Endi sintetik hamda tabiiy xom ashyo matolarni korxonamizda to‘qishni yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Bu bilan yana qo‘shimcha 100 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Korxona shaharning sanoat hududida joylashgan bo‘lib, innovatsion g‘oyalarni joriy qilish uchun ayni muddao. Shunga binoan suvni tozalash inshootini ishga tushirishmoqchi. Bu bilan hududdagi korxonalar hamda mahalla aholisining chiqindi suvlari zaharli moddalardan tozalanib, iste’molga yaroqli holga keltiriladi. Yangi inshoot amaliyotga joriy etilishi natijasida yana 10 kishi doimiy ish joyga ega bo‘ladi.