O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yangi Zelandiya Elchisi bilan uchrashuv
2018-06-25 | Siyosat
2018-yilning 25-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida Yangi Zelandiya Favqulodda va Muxtor Elchisi Ien Aleksandr Hill bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Yangi Zelandiya kun tartibidagi dolzarb masalalarga va uni kengaytirish istiqbollariga asosiy e’tibor qaratildi.
Hamkorlikning deyarli barcha sohalarida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish uchun foydalanilmagan ulkan salohiyat mavjudligi qayd etildi.
Mamlakatlarimizning geografik jihatdan olisligiga qaramasdan savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniy-gumanitar, xususan qishloq xo‘jaligi, muqobil elektr energiyasi, turizm, fan-ta’lim sohalarida Yangi Zelandiyaning ilg‘or tajribasini jalb qilgan holda o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirishdan ikki tomon ham birdek manfaatdor ekanligi ta’kidlandi va uning aniq istiqbollari mavjudligi qayd etildi.
Uchrashuvda hamkorlikning ishonchli me’yoriy-huquqiy bazasini yaratish, jumladan savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik, investitsiyani o‘zaro himoya qilish va rag‘batlantirish, ikki marta soliqqa tortmaslik va boshqa sohalarda bitimlar tayyorlash va imzolash yuzasidan takliflar ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan fikr almashildi.