O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekistonda auditni rivojlantirish istiqbollari
2018-06-25 | Jamiyat
Respublikamizda bozor infratuzilmasi izchil ravishda takomillashtirilib borilishi natijasida auditning qonuniy asoslari shakllantirildi.
Auditorlik xizmatlari bozorini takomillashtirish bo‘yicha qator qarorlar qabul qilinishiga qaramasdan oxirgi yillarda auditorlik faoliyatining jadal rivojlanishi kuzatilmayapti, auditorlik kasbining xalqaro miqyosdagi faoliyatga uyg‘unlashuvi past darajada qolmoqda, qabul qilingan chora-tadbirlarning natijalari yangi raqobatbardosh auditorlik tashkilotlari sonining o‘sishini yetarli darajada ta’minlay olmayapti.
Amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarning xalqaro audit rivojlanishining zamonaviy tendensiyalariga mosligi jihatdan tanqidiy o‘rganish, xalqaro amaliyotni va chet mamlakatlar qonunchiligini tahlil qilish, buxgalterlar va auditorlarning professional hamjamiyati, auditorlik tashkilotlari vakillari bilan muhokamalar qilish auditorlik faoliyatini tartibga solishning amaldagi tizimini takomillashtirish zarurligini taqqoza qilmoqda.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida auditorlik faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasi ishlab chiqildi va uning asosiy mazmuni auditorlik xizmatlari bozorining axborotlar ochiqligini, uning barqaror amal qilishini va auditor kasbi nufuzining oshishini ta’minlaydigan xalqaro amaliyotning zamonaviy talablarini hisobga olgan holda auditorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish tizimini takomillashtirishga yo‘naltirilgan. Bular o‘z navbatida auditorlik xizmatlari bozorining barqaror rivojlanishiga va oqibatda respublikamizda ishbilarmonlik muxitining sifat jihatdan yaxshilanishiga asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi.
Qaror loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 22 yanvardagi PF-5308-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi doirasida ishlab chiqilgan va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 5 oktyabrdagi PF-4848-sonli Farmonida nazarda tutilgan auditorlik tashkilotlari ko‘rsatayotgan xizmatlar sifati va taqdim etayotgan xulosalarining haqqoniyligi uchun javobgarlikni kuchaytirish yuzasidan ular faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirishga yo‘naltirilgan tadbirlarni amalga oshirishning mantiqiy davomi hisoblanadi.
Loyihada taklif etilayotgan normalar auditorlik faoliyatini tartibga solishning ilg‘or xalqaro amaliyoti printsiplariga asoslangan.
Moliya vazirligi saytimizdagi “Buxgalteriya hisobi va audit~Auditorlik faoliyati~Normativ-huquqiy hujjatlar” bo‘limida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida auditorlik faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasi bilan tanishishingiz mumkin.