Surxondaryo viloyati g‘allakorlari davlatga don sotish shartnoma rejasini ortig‘i bilan bajardi
Joriy yil hosili uchun viloyat fermerlari 95 ming gektar maydonda mahalliy iqlimga mos “Krasnador-99”, “Grom”, “Polavchanka” singari erta pishar va serhosil g‘alla navlarini yetishtirdi. Maysalarning bir tekis rivojlanishida tajribali mirishkorlar maslahati asosida ish yuritilgani, suvdan tejab, oqilona foydalanilgani va mahalliy, mineral o‘g‘itlar bilan o‘z vaqtida oziqlantirilib, zamonaviy texnologiyalar asosida parvarishlangani yutuqlar omili bo‘ldi.
Viloyatda o‘rim-yig‘imga alohida hozirlik ko‘rilib, barcha yumushlar uyushqoqlik bilan tashkil etildi. Mavjud g‘alla maydonlari mavsumga puxta tayyorlanib, 320 otryadga mavjud kombaynlar biriktirildi. 320 o‘rim texnikasi operatori va ularning yordamchilari uchun zarur qulayliklar yaratildi. Yirik harakat va katta mehnat evaziga yetishtirilgan donni nes-nobud qilmay qabul punktlariga tashish uchun 1 ming 390 dan ortiq texnika jalb etildi.
Shartnoma rejasining qisqa kunlarda ortig‘i bilan bajarilishiga Termiz, Denov, Jarqo‘rg‘on, Sariosiyo kabi tumanlar fermerlari ayniqsa, salmoqli hissa qo‘shdi. Vohada hosili yig‘ishtirib olingan 87 ming gektardan ortiq maydonning har gektaridan o‘rtacha 50-55 sentnerdan xirmon ko‘tarildi. Qumqo‘rg‘on tumanidagi “Qumqo‘rg‘on mo‘jizasi”, Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Mehnat Rohat Tajriba”, “Chashmai Obi Ravon”, Sherobod tumanidagi “Abdimurod Omad Fayz”, “Sherlar makoni” singari omilkor fermer xo‘jaliklarida bu ko‘rsatkich 65-70 sentnerdan yuqori bo‘ldi.
–Don–rizq-ro‘zimiz, dasturxonlarimiz ko‘rki, farovon turmushimiz belgisi,–deydi viloyat fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Sh. Boyqulov.– G‘alla parvarishlashda boy tajriba to‘plagan dehqonlarimiz erta kuzdan yerga baraka urug‘i qadab, qish mo‘tadil, bahorda yog‘ingarchilik kam bo‘lgan yilda uni bir tekis o‘ngdirib olishga alohida ahamiyat berdi. Barcha ishlar tajribali g‘allakorlar maslahati asosida amalga oshirilib, mo‘l hosil to‘plandi. G‘alvir suvdan ko‘tarilganda bu kabi g‘allakorlarning ombori donga to‘lmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, vohada bug‘doy yetishtirgan 3 ming 576 fermer xo‘jaligining ikki ming yuzga yaqini shu kungacha davlatga don sotish shartnoma rejasini oshig‘i bilan uddalagan. Dehqonlar bu yil g‘alladan bo‘shagan maydonlarning 56 ming 128 gektarida takroriy ekin parvarishlashni mo‘ljallamoqda. Yerlardan unumli foydalanish maqsadida amalga oshirilayotgan bu ish ularga qo‘shimcha daromad olib kelish barobarida dasturxonlarimiz to‘kinligiyu, bozorlarda narx-navo barqarorligini ta’minlashga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatlidir.
–O‘tgan yil erta kuzda 40 gektar maydonga “Grom” navli bug‘doy urug‘i qadab, uni bir tekis o‘ngdirib olgan edik,– deydi Angor tumanidagi “Murod qushbegi” fermer xo‘jaligi rahbari O. Norquvvatov .– Lekin, qish va bahor faslida yog‘ingarchilikning me’yoridan ancha kam bo‘lgani bizni katta sinovdan o‘tkazdi. Ob-havo noqulay kelgan bu yilgi sharoitda sharbat usulida sug‘orish, qo‘shimcha ishlov berish va mineral o‘g‘itlar bilan o‘z vaqtida oziqlantirishga alohida e’tibor qaratib, mo‘ljaldagidan ziyod hosil to‘pladik. O‘rim-yig‘imni uch kunda yakunlab, davlatga 140 tonnaga yaqin don topshirdik. Rejadan ortiq yetishtirilgan bug‘doy o‘z ixtiyorimizda qoldi. Hosildan bo‘shagan maydonning bir qismiga mosh va makkajo‘xori urug‘i qadadik. Bu ham biz uchun yaxshigina qo‘shimcha daromad, degani. Endilikda 20 gektar maydondagi g‘o‘za nihollari bilan birga takroriy ekin parvarishiga alohida ahamiyat bermoqdamiz.
Viloyatda doni yig‘ishtirib olinmagan 8 ming gektarga yaqin g‘allazorda o‘rim-yig‘im qizg‘in davom ettirilib, hosildan bo‘shagan dalalar somoni peshma – pesh yig‘ishtirib olinayotir. Sifatli shudgor qilinayotgan maydonlarning bir qismiga kartoshka, poliz, kungaboqar, yeryong‘oq, mosh va boshqa oziq-ovqat hamda ozuqabop ekinlar urug‘i qadalmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, Jonibek Qo'zimurodov (surat), O‘zA