O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va Toshkent shahar hokimligi qo‘shma Qarorni imzoladi
2018-06-22 | Ekologiya
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 31 martdagi “Tabiatdan foydalanish sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatishning ayrim ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 255-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesishga ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti”ga hamda Toshkent shahri hududidagi manzarali daraxt va butalar muhofazasini kuchaytirish, daraxtlarni noqonuniy kesish holatlarini oldini olish, tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyati uchun yer uchastkalarini ajratishda daraxtlar va ko‘p yillik butalarni muhofaza qilish tizimini takomillashtirish maqsadida “Toshkent shahari hududidagi mavjud manzarali daraxt va butalar muhofazasini kuchaytirish, daraxtlarning noqonuniy kesilishi holatlarini oldini olish, tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyati uchun yer uchastkalarini ajratishda daraxtlar va ko‘p yillik butalarni saqlab qolish tizimini tashkillashtirish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va Toshkent shahar hokimligi qo‘shma Qarorni imzoladi.
Qarorga ko‘ra, Toshkent shahar hokimligining kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha majmuasi, Toshkent shahar ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi hamda Obodonlashtirish bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan Toshkent shahrida mavjud manzarali daraxtlarni muhofaza qilish chora tadbirlari rejasi tasdiqlandi. Toshkent shahar arxitektura bosh boshqarmasi tomonidan Toshkent shahrida qurilish uchun yer ajratish bo‘yicha tayyorlanadigan hujjatlar xulosalarida belgilanayotgan hududlarda mavjud ko‘p yillik o‘simliklar va daraxtlarning turi, soni, ularning hajmi haqidagi ma’lumotlarni ko‘rsatilishi qat’iy yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, Obodonlashtirish bosh boshqarmasi tizimida “Daraxtlar va ko‘p yillik o‘simliklarni himoya qilish boshqarmasi”ni tashkil etish va ularni faoliyati uchun zarur bo‘lgan zamonaviy texnika vositalari, kimyoviy moddalar hamda ishchi – xodimlar bilan ta’minlash bo‘yicha asoslantirilgan hisob kitoblarga asosan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaror loyihasini ishlab chiqish aytib o‘tilgan.
Toshkent shahridagi mavjud daraxtlarga shakl berish (butash) ishlarini yagona tartibga keltirish va bu ishlarni bajarishda agrotexnika qoidalariga rioya etilishi yuzasidan O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, O‘simliklarni himoya qilish instituti, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va boshqa aloqador tashkilotlar bilan hamkorlikda “Toshkent shahar hududidagi daraxt va butalarni kesish, qirqish (shakl berish) va ko‘p yillik o‘simliklarga agrotexnik ishlov berish qoidalari”ni ishlab chiqib, tasdiqlash bo‘yicha takliflar kiritilishi ma’lum qilindi.
2018 yilning 1 sentyabridan boshlab Toshkent shahrida daraxtlarga shakl berish, ularni kesish ishlarini bajarish Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining xulosasiga ko‘ra tuman hokimliklarining ruxsatnomasi asosida faqat Obodonlashtirish bosh boshqarmasi tizimidagi ixtisoslashtirilgan tashkilotlar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan amalga oshirilishi qat’iy belgilandi. Kesishdan hosil bo‘lgan yog‘ochlar mahsulotlarini hisobini yuritib, belgilangan tartibda kirim qilinadi.
Yuqoridagi jarayonlarni amalga oshirishda daraxtlarga shakl berilayotgan yoki kesilayotgan hududdagi mahalla fuqarolar yig‘ini va mahalla profilaktika inspektorlarini xabardor qilish kerak bo‘ladi. Tuman hokimliklari tomonidan daraxt va butalarni kesishga berilgan ruxsatnomalarni Toshkent shahar hokimligining rasmiy saytiga joylashtirish va kesilish (shakl berish) belgilangan daraxtlar haqida oldindan xabar berib borish joriy etiladi.
Qurilish va boshqa ishlarni amalga oshirish uchun ajratilgan yer maydonlarida ruxsatnoma asosida kesilganligi uchun hududning holatidan kelib chiqib, har bir kesilgan daraxt tupi uchun 10 tupgacha manzarali daraxtlarning ekilish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Obodonlashtirish boshqarmasi, mahalla fuqarolar yig‘ini, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari hamda korxona va tashkilotlar hududidagi mavjud daraxt va butalarni xatlovdan o‘tkazib, ularni muhofaza qilish, noqonuniy tarzda kesilishini oldini olish yuzasidan shaxsan javobgarligi belgilandi.
Jamoat tartibini saqlash post patrul xizmati xodimlari o‘ziga biriktirilgan hududda noqonuniy daraxt va butalarni kesish holatlarini profilaktika qilish va oldini olish tadbirlarini amalga oshiradi. Avtotransport vositalarida tashilayotgan daraxtlarning tanalarini kelib chiqishini qonuniyligi yuzasidan tekshiruvlar o‘tkazib, qonun buzilish holatlari aniqlangan taqdirda qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘riladi.