O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Adliya vazirligi tomonidan volontyorlik faoliyati bilan bog‘liq qonun loyihasi ishlab chiqilib, muhokamaga qo‘yildi
2018-06-21 | Jamiyat
Joriy yilning 20 iyunidan Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan “Volonterlik faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi normativ-huquqiy hujjatlarining muhokamasi portaliga qo‘yildi.
Ushbu Qonun loyihasining maqsadi mamlakatimizda volonterlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Mazkur Qonun loyihasida volonter, volonterlik aksiyasi, volonterlik faoliyati, volonterlik kitobchasi, volonterlik guvohnomasi, volonterlik faoliyati to‘g‘risidagi shartnoma, volonterlik faoliyati iste’molchisi kabi asosiy tushunchalar mohiyati yoritib berilgan.
Loyihada volonterlik faoliyatining asosiy prinsiplari, shakllari va turlari, volonterlik faoliyati munosabatlarining tartibga solinishi, volonterlik faoliyati sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyati organlarining vakolatlari va volonterlik faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar haqidagi qoidalar o‘z o‘rnini olgan.
5 bob, 21 ta moddadan iborat bo‘lgan Qonun loyihasining muhokamasi 2018 yilning 5 iyuliga qadar davom etadi.
Unda siz ham o‘z taklif va mulohazalaringiz bilan ishtirok etishingiz mumkin.
Havola: https://regulation.gov.uz/ru/documents/2666