O‘z tarkibida ko‘plab korxonalarni jamlagan “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlikda mahalliy xom ashyoni chuqur qayta ishlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Xususan, bunda raqobatdosh, eksportga yo‘naltirilgan qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish va yangi turdagi sifatli qurilish materiallariga bo‘lgan ichki ehtiyojni qondirishga alohida e’tibor qaratilgan. Ushbu talablar esa mahalliy va xorijiy tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga keng imkoniyatlar eshigini ochayotir.
Fikrimiz isboti sifati yurtimizdagi mahalliy va xorijiy tadbirkorlar faoliyati haqida to‘xtalib o‘tsak. Jizzax shahridagi “Mingyuan silu industry” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qo‘shma korxonasi ulardan biridir.
Korxona bezakli qurilish oynasi ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Uning umumiy qiymati 110 million dollar bo‘lib, yiliga 24 million kvadrat metr oyna mahsuloti ishlab chiqarish loyihasining birinchi bosqichida 29 million dollar xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi. Buning natijasida yiliga 4 million kvadrat metr bezakli oyna ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi va 210 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
E’tiborli jihati, korxona nafaqat O‘zbekistonda, balkiMarkaziy Osiyoda yagona hisoblanadi. Bunday imkoniyat korxona faoliyatini kengaytirish va mahsulotlar eksportini yo‘lga qo‘yishda amaliy natijalar olib keladi. Ayni kunda 1 kunda 6 ming kvadrat metr ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni ichki bozorga chiqarilayotir. Shu bilan birga, bezakli qurilish oyna mahsulotlarini Qozog‘iston, Afg‘oniston, Tojikiston, Qirg‘iziston davlatlariga eksport qilish ko‘zda tutilmoqda.
Forish tumanida “Mega invest industrial” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi O‘zbekiston-Buyuk Britaniya qo‘shma korxonasi faoliyati ham yuqorida to‘xtalib o‘tgan korxona yutuqlaridan aslo qolishmaydi. Unda umumiy qiymati 61,9 million dollar (36,4 mln.dollar bank krediti, 17,6 mln. dollar chet el investitsiyasi) o‘zlashtirilishi evaziga yiliga 2500 tonna bazalt tolasi, 3000 tonna bazalt tolasidan armatura ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Loyihaning birinchi bosqichida qariyb 30 million dollar (shundan 14,6 mln. dollar ekvivalentida bank krediti, 8 mln. dollar xorijiy va 6,9 mln. dollar ekvivalentida mahalliy investitsiya) o‘zlashtirildi hamda bazalt tolasi va undan armatura ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilib, 90 ta yangi ish o‘rni yaratilganini yurtimizda ishbilarmon tadbirkorlarga yaratilayotgan qulayliklar natijasi deyish mumkin.
Ma’lumot uchun aytish mumkinki, bazalt tolasi va undan qurilish armaturasi ham yurtimizdagi yangi qurilish materiallaridan biridir. Yengil va o‘ta chidamli bo‘lgan ushbu mahsulot o‘zining zamonaviyligi va narxi arzonligi bilan ajralib turadi. Jahon bozoridaunga talab juda yuqori. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, bazalt (qoratosh) ekologik toza mahsulotbo‘lib, po‘lat armaturaga nisbatan 4 barobar yengil va 3 barobar mustahkam, 2 barobar arzon, tashqi ta’sirlarga o‘ta chidamli va umuman zanglamaydigan qurilish materialidir.
Ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgan bu yangi turdagi qurilish mahsuloti ham yurtimiz aholisi uchun katta yangilik bo‘ldi. Negaki,xalqimiz hamisha yangi uy qurib, orzu havas bilan yashashni istaydi. Albatta, bunday ehtiyojlarni qondirishda mahalliy va xorijiy tadbirkorlarning hissasi katta bo‘layotganini mamnuniyat bilan aytsak arziydi. Endi masalaning yana bir muhim tomoni bor: bu - ekport va talab. Mahsulotni katta miqdorda xarid qilish bo‘yicha Yevropa davlatlaridan takliflar tushayotganini baralla aytsak, noo‘rin bo‘lmas?!
Tadbirkorlarga mana shunday imtiyoz va sharoitlarni yaratib berishda asosiy tashkilot – “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyatining ham alohida o‘rni bor. Jamiyat tomonidan axborot-kommunikatsiya tarmog‘ining zamonaviy imkoniyatlaridan samarali foydalanish yaxshi yo‘lga qo‘yilmoqda. Masalan, sanoatning qurilish materiallari ishlab chiqarish tarmog‘ining rivojlanishi to‘g‘risida hamda
ushbu yo‘nalishda qiziqtirgan barcha savollar bo‘yicha aholini keng miqyosda xabardor qilishmaqsadida Telegram ommaviy messenjerida“O’zqurilishmateriallari” guruhi ochilgani ham har jihatdan qulay bo‘ldi.
Shu bilan birga, iste’molchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida bugungi kunda qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar, ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning tavsifi, narxi, shuningdek, ushbu korxonalarning aloqa ma’lumotlari kiritiladigan Telegram robot yaratish bo‘yicha tegishli ishlar olib borilmoqda. Bunday yangiliklar tizim faoliyatini zamonaviylashtirishda eng muhim omillardan desak, sira adashmagan bo‘lamiz.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA