O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Afg‘oniston Prezidenti maslahatchisi bilan uchrashuv
2018-06-20 | Siyosat
2018-yil 20-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidentining xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Muhammad Hanif Atmarni qabul qildi.
Uchrashuv boshida Muhammad Hanif Atmar qurg‘oqchilikdan jabr chekkan Afg‘oniston xalqiga ko‘rsatilgan gumanitar yordam uchun Prezident Muhammad Ashraf G‘ani nomidan O‘zbekiston Hukumati va xalqiga samimiy minnatdorlik izhor etdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Afg‘oniston va mintaqa kun tartibidagi muhim masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Prezident maslahatchisi Afg‘onistondagi vaziyat haqida batafsil ma’lumot berdi. U 2018-yil 26-27-mart kunlari Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent xalqaro konferensiyasi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha izchil va tizimli ishlar uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorlik bildirdi.
Shuningdek, Afg‘oniston tomoni Tashqi ishlar vazirligining 18-iyundagi Bayonotida keltirilgan tinchlik muzokaralari jarayoniga ko‘mak ko‘rsatish to‘g‘risidagi O‘zbekiston hukumati mavqeyini to‘liq qo‘llab-quvvatladi.
Suhbat davomida siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy, gumanitar, ta’lim va boshqa sohalarda davlatlararo hamkorlikning jadal rivojlanishi mamnuniyat bilan ta’kidladi va ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuvda Afg‘oniston Elchisi Sayed Shahobiddin Timuriy ishtirok etdi.