O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Sektor: Murojaat, muammo va natija

2018-06-20 | Jamiyat

Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i rahbarlik qilayotgan 3-sektor tomonidan ehtiyojmand oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Odamlarni qiynayotgan muammolarni o‘rganish va bartaraf etishda joylarda sayyor qabullar, ochiq muloqotlar muhim ahamiyat kasb etayotir.
 
Qabullarda tegishli tuman hokimi, arxitektura va qurilish bo‘limi mas’ullari, tibbiyot birlashmasi, prokuratura, ichki ishlar bo‘limi, obodonlashtirish, tuman elektr va gazlashtirish tarmoqlari kabi idora va korxonalar rahbarlari ishtirok etayotgani aholi muammolarini joyida hal etish imkonini bermoqda.
 
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, 3-sektor rahbari G‘.Qodirov bilan Paxtakor tumanida o‘tkazilgan uchrashuvda ariza, shikoyat va takliflarning asosiy qismi shu yerning o‘zida ijobiy hal etildi.
 
Masalan, fuqaro Ilyos Nosirov “Bog‘ishamol” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi asosiy katta ko‘chani ta’mirlash, hududda nuroniylar uchun choyxona qurishda yordam berishni so‘rab murojaat qildi. Tuman hokimining bu masalani ijobiy hal etish yuzasidan bergan javobi murojaat etuvchini qanoatlantirdi.
 
Oqbuloq qishlog‘ida yashovchi Eshmirza Bobomurodovning turmush o‘rtog‘ini davolatish uchun yordam so‘rab qilgan murojaati ham shu yerning o‘zida hal etildi. Tuman tibbiyot birlashmasi rahbari bemorni davolatish uchun poytaxtimizdagi tegishli tibbiy markazga yo‘llanma berishni zimmasiga oldi.
 
Drenajlar ishlamasligi natijasida “G‘alaba” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida xonadonlar zax ko‘tarilishidan aziyat chekayotgani, “Bog‘ishamol” mahalla fuqarolar yig‘inidagi Do‘stlik ko‘chasida yangi hovlilarda yashovchilarning elektr energiyasi, tabiiy gaz, Oltinko‘l mahallasidagi ichimlik suvi ta’minoti bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish bo‘yicha ham tegishli tashkilotlar rahbarlaridan ijro muddatlari aniq belgilangan javoblar olindi.
 
Sayyora Qurolova va Laylo Suvonovaning ish so‘rab qilgan murojaati bo‘yicha tuman hokimi yordam ko‘rsatadigan bo‘ldi. Albatta, bu faqat shu ikki ayolning muammosi emas. Ishsizlik hududdagi barcha qishloqlarda katta muammoga aylangan. Sektorda ishsizlikni kamaytirish maqsadida har bir oilani tadbirkorlikka jalb etish uchun amaliy yordam ko‘rsatishga harakat qilinayotir. Xonadonlarda chorvachilik, parrandachilik, tikuvchilikni yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
 
To‘g‘risi, muammolar yetarli, lekin barchasining yechimi bor. Biroq, ba’zan oddiygina murojaatning tegishli tashkilot tomonidan hal etilmasligi tufayli fuqarolar yillab ovora bo‘layotgani ham rost. Uchrashuvda aynan shu jihatga, bunday muammolarning kelib chiqish sabablarini bartaraf etishga e’tibor qaratildi.
 
Chunonchi, o‘nlab fuqarolarning biometrik pasport olish bo‘yicha qilgan murojaati ana shunday oddiy e’tiborsizlikdan boshqa narsa emas. Yoki “Buyuk ipak yo‘li” va boshqa mahalla fuqarolar yig‘ini hududida daydi it va mushuklar ko‘payib borayotgani obodonlashtirish boshqarmasi mutasaddilarining mas’uliyatsizligi tufayli ekani aniq-ku!? Bu kabi masalalar yuzasidan bo‘lgan murojaatlarni hal etish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi.
 
– Xuddi shunday uchrashuvlar sektor hududidagi Do‘stlik va Arnasoy tumanlarida ham o‘tkazildi, – deydi viloyat IIB axborot xizmati rahbari A.Ahmedov. – Odamlarning davlatga, adolatga ishonchi ortib borayotir. Shuning uchun endilikda faqat shaxsiy masala bilan emas, hududni rivojlantirish, obodonlashtirish, yoshlar tarbiyasi bilan bog‘liq takliflar ham ko‘paymoqda. Bu sektor hududiy boshqaruv sifatida hayotimizdan keng o‘rin olayotgani dalilidir.
 
Darhaqiqat, sektor hududida kam ta’minlangan oilalar soni kamayib borayotgani ushbu hududiy boshqaruv tizimining eng muhim yutuqlardan biridir. Chunki, bu muammoning kamayishi hududda aholi turmush farovonligi yuksalayotganining asosiy belgisidir.
 

T. Beknazarov, O‘zA

Поделиться