“Xavfsiz poytaxt” konsepsiyasini amalga oshirish doirasida jamoat tartibini ta’minlash kuchlarini muvofiqlashtirish va mobil aloqa markazlarining faoliyat yuritishi amaliyoti joriy etiladi.
Prezidentning 2018 yil 19 iyundagi “Toshkent shahrida jamoat tartibini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, Toshkent shahrida “Xavfsiz poytaxt” konsepsiyasi joriy etiladi.
Mazkur konsepsiyani amalga oshirish doirasida jamoat tartibini ta’minlash kuchlarini muvofiqlashtirish va mobil aloqa markazlarining faoliyat yuritishi amaliyoti joriy etiladi va ular ichki ishlar bo‘limlari xizmat ko‘rsatish hududlariga biriktiriladi.
Quyidagilar mobil aloqa markazlarining asosiy vazifalari etib belgilandi:
sutkaning kechki va tungi vaqtida xizmat olib borish davomida jamoat tartibini ta’minlash kuchlari va jalb etilgan davlat organlari bo‘linmalarini nazorat qilish, boshqarish hamda ularning samarali hamkorligini tashkil etishda ichki ishlar bo‘limlariga ko‘maklashish;
hodisa sodir bo‘lgan yoki signal berilgan joyga jamoat tartibini ta’minlash kuchlarining eng yaqin patrul guruhi darhol yetib kelishini ta’minlash orqali huquqbuzarliklar haqida kelib tushgan ariza, xabar va boshqa ma’lumotlar bo‘yicha tezkor chora ko‘rish;
jamoat tartibini ta’minlash kuchlarini muvofiqlashtirish va harakatlantirish maqsadida, jumladan, hodisa sodir bo‘lgan joyga bevosita chiqqan holda mobil shtab funksiyalarini bajarish;
ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda va odamlar gavjum joylarda tezkor va kriminogen vaziyatni axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda bevosita kuzatish hamda vizual baholashni amalga oshirish;
jamoat tartibini ta’minlash kuchlari tomonidan huquqbuzarlik holatlari aniqlangan va qidiruvdagi jinoyatchilar qo‘lga olingan hollarda ichki ishlar va prokuratura organlarining profilaktika, tezkor va tergov bo‘linmalari jalb etilishini tashkil qilish.