O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Korrupsiyaga qarshi kurash borasida xalqaro hamkorlik istiqbollari
2018-06-20 | Jamiyat
Avstriya Respublikasiga tashrif doirasida Bosh prokuratura delegatsiyasining Laksenburg shahridagi Xalqaro antikorrupsiya akademiyasida mazkur akademiya rektori Martin Kroytner bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Xalqaro antikorrupsiya akademiyasi rahbariga respublikada korrupsiyaga qarshi kurashish, uning darajasini minimallashtirish, davlat va jamiyat hayotidagi korrupsiogen omillarni bartaraf etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Xususan, 2017 yilda Prezident tashabbusi bilan qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida”gi Qonuni va 2017-2018 yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturiga alohida e’tibor qaratildi.
Xalqaro-huquqiy nuqtai nazardan BMT korrupsiyaga qarshi kurashish Konvensiyasi va IXTT Stambul harakatlar rejasining tavsiyalarini implementatsiya qilish, jinoyat ishlarini tergov qilish va aktivlarni qaytarish bo‘yicha olib borilgan ishlar borasida aytib o‘tildi.
M.Kroytner O‘zbekistonda ushbu sohada olib borilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab, korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish maqsadida Akademiyaning zaruriy ekspertlik salohiyatini safarbar qilishga tayyor ekanligini aytib o‘tdi.
Bosh prokuror Akademiya rahbarini olib borilayotgan islohotlar bilan tanishish maqsadida O‘zbekiston Respublikasiga taklif etdi.