O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ishchi guruh yig‘ilishi
2018-06-20 | Jamiyat
2018 yil 19 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi ishchi guruhining “Mediatsiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Ishchi guruh O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi, Bosh prokuraturasi, Adliya vazirligi, Moliya vazirligi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, “Mahalla” fondi va boshqa manfaatdor idora hamda ilmiy doiralar vakillaridan tarkib topgan.
“Mediatsiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan 2018 yil 12 iyun kuni qabul qilindi.
Qonunning maqsadi O‘zbekiston Respublikasida nizolarni tartibga solishning muqobil usullarini rivojlantirish uchun huquqiy shart-sharoitlar yaratishdan, O‘zbekiston Respublikasining sud tizimiga tushadigan bosimni kamaytirishdan iborat.
Qonun fuqarolik huquqiy munosabatlardan, shu jumladan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish munosabati bilan kelib chiqadigan nizolarga, shuningdek yakka mehnat nizolariga va oilaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarga mediatsiyani qo‘llash bilan bog‘liq munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi. Qonun jamoat manfaatlariga hamda mediatsiyada ishtirok etmayotgan uchinchi shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxl qiladigan yoki daxl qilishi mumkin bo‘lgan nizolarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Mediatsiya instituti bugungi kunda dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida, shu jumladan AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya, Avstriya, Yaponiya, Xitoy, Gonkong, Koreya Respublikasi, Hindistonda tashkil etilgan va muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda.
Ushbu Qonun muhokamasi yakunlari bo‘yicha ishchi guruh tomonidan uni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.