“Eng katta muammolardan biri Toshkent shahar bosh rejasining yo‘qligi va uning ochiq emasligi”, deydi Toshkent shahar hokimi v.b Jahongir Ortiqxo‘jayev.
Hokim shaharning bosh rejasi ochiq emasligi tadbirkorlarga o‘z mulkini himoya qilishga imkon bermayotgani va ular ertasiga ishonmayotganlarini ochiq tan oldi.
“Toshkent shahrida buzilish va ko‘chirish ishlarining pala-partish olib borilishi mulkdorlarning o‘z mulkini himoya qilishga imkon bermaydi. Investorlarga reja asosida ishlashga imkoniyat berilmaydi. Shaharning o‘rta va uzoq muddatli strategiyasi yo‘q. Iqtisodiy-ijtimoiy rejalar har yili tasdiqlanib chiqiladi. Bu esa uzoq muddatli rejalarni tuzishga imkoniyat bermaydi. Shahrimiz rivojida tenglik yo‘q. Aksariyat sifatli xizmatlar uchun aholi shahar markaziga kelishga majbur. Biz shahrimizning har bir tumani rivojlanishini istaymiz. Yuqori sifatli ish o‘rinlari va hordiq chiqarish va ishlash shaharning har bir tumanida bo‘lishiga harakat qilishimiz lozim. Shaffoflik yetishmaydi. Yer taqsimlanishida davlat tenderlar va buyurtmalari oydin emas. Rejalar doim o‘zgaradi. Ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarining sifati past. Xalqaro tajriba yetarlicha o‘rganilmayapti. Zamonaviy texnologiyalar sust qo‘llanilmoqda”, deydi hokim.
Jahongir Ortiqxo‘jayev ma’ruzasida ochiqlagan kamchiliklar ancha vaqt avval hayotimizda bo‘y ko‘rsatayotgan edi. Muammolarni ochiq tan olishning o‘zi bir katta qadam. Ularga to‘g‘ri yechim topish esa undan muhim. Hokim muammolarni sanab o‘tish bilan birga yechimlarga ham e’tibor qaratdi. Toshkent shahrini rivojlantirishning uzoq, aniq strategiyasini ishlab chiqishni taklif etdi.
Anora Sodiqova, O‘zA