O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Namangan muhandislik-texnologiya instituti va Surgut davlat universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

2018-06-19 | Jamiyat

Yaqinda Namangan muhandislik-texnologiya instituti olimlaridan iborat delegatsiya Rossiya Federatsiyasiga bir haftalik safarda bo‘lishdi. 

Institutning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Oybek Ergashev, muhandislik-texnologiyalari fakulteti dekani Kamoliddin Matkarimov, sanoat ishlab chiqarishni tashkil etish va iqtisodi kafedrasi mudiri Ravshanjon Ismoilov Tyumen oblastiga tashrifi davomida Surgut davlat universitetida bo‘lishdi. 

1993 yilda tashkil topgan Surgut davlat universiteti Rossiyada o‘z o‘rniga ega bo‘lgan nufuzli ta’lim dargohlaridan hisoblanadi. Politexnika, tabiiy fanlar, yuridika, iqtisodiyot va boshqaruv, tibbiyot yo‘nalishlarini o‘zida qamrab olgan mazkur oliy o‘quv yurtida 5 ta institut faoliyat yuritadi. Universitetda 10 mingdan ziyod talaba 20ga yaqin mutaxassislik bo‘yicha tahsil oladi. 

Qayd etish joiz, universitet joylashgan Surgut shahri neft-gaz sanoati keng taraqqiy etib, bu Rossiya Federatsiyasi yalpi ichki mahsulotining 27 foizi salmog‘iga to‘g‘ri keladi. Qolaversa, bu shaharda dunyodagi eng yirik gidro elektro stansiyalar joylashgan bo‘lib, quvvati va ko‘lami jihatidan jahonda ikkinchi o‘rinda turadi.

Ikki tomonlama o‘tkazilgan muloqotda O‘zbekistonda yoshlar ta’lim-tarbiyasi, xususan, oliy ta’lim sohasini tubdan isloh qilish borasidagi islohotlar, bu borada Prezidentimiz tomonidan qabul qilinayotgan farmon va qarorlar mazmun-mohiyati, undan ko‘zda tutilayotgan samaralar haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.

Ayniqsa, Surgut davlat universiteti rektori Sergey Kosenok O‘zbekiston rahbarining 2017 yil 20 apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, 2018 yil 5 apreldagi “Respublika oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2018 yil 5 iyundagi “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari haqida iliq fikrlarini bildirib o‘tdi.
 
Tashrif davomida ikki oliy ta’lim dargohlari o‘rtasida professor-o‘qituvchilar, aspirant-doktorantlar va talabalar o‘rtasida tajriba almashish, birgalikda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, o‘quv-uslubiy qo‘llanma va darsliklar yaratish, ikki tomonlama ilmiy-amaliy konferensiyalar tashkil etish bo‘yicha memorandum va kelishuvlar imzolandi.
 
Shartnomaga asosan, iqtisodiyot, muhandislik texnologiyalari, elektr energetikasi, avtomatika, informatika, kimyo texnologiyalari ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha amaliy hamkorlik o‘rnatiladi.
 
E’tirof etish joiz, erishilgan kelishuvlarning dastlabki samarasi sifatida, Namangan muhandislik-texnologiya institutiga iqtisodiyot va texnologiya sohalariga oid 200ga yaqin elektron o‘quv adabiyotlari taqdim etildi. Kelgusida Surgut davlat universitetining delegatsiyasini Namanganga tashrif buyurishi ham aytib o‘tildi.
 
Oqilxon Dadaboyev, jurnalist

Поделиться