O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Аnor yetishtirishning ilmiy bazasini yaratish ishlari boshlandi
2018-06-18 | Jamiyat
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Farg‘onaga safari, u yerda berilgan topshiriqlarni bajarish bo‘yicha qilinayotgan ishlar doirasida Innovatsion rivojlanish vazirligi xodimlari vazir o‘rinbosari Alisher Umarov boshchiligida “Farg‘ona anorchilik” agrofirmasi rahbari Mastura Sayfuddinova bilan uchrashdilar, u kishi barpo qilgan ulkan anor plantatsiyasini ko‘zdan kechirib, yurtimizda anorchilikni yanada rivojlantirish yo‘lida bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar haqida suhbatlashdilar.
Mevalarning toji sanalmish anor yetishtirish borasida katta tajribaga ega Mastura Sayfuddinova ayni paytda Farg‘onaning Quva va Toshloq tumanlari hamda Quvasoy shahrida 289 gektar yerga 15 navga yaqin 272 ming tupdan ziyod anor ko‘chatlarini ekib parvarishlamoqda. 2025 yilgacha anorzor maydonini 2 ming gektarga yetkazish rejalashtirilgan. Anorzor to‘liq hosilga kirgach 10 ming tonna mahsulot yetishtirilishi nazarda tutilgan.
Shunday katta ishni boshlagan, yana undan-da ulkan rejalarni bajarish arafasida turgan Mastura opaga Innovatsiya vazirligi matbuot xizmati qator savollar bilan murojaat qildi. O‘z ishining fidoyisi, tinib-tinchimas, hamisha yangilikka intilib yashaydigan Mastura Sayfuddinovaning shijoati, oldiga qo‘ygan maqsadlari vazirlik vazifalari bilan uyqash ekani bois hamkorlikda amalga oshirilajak ishlar muvaffaqiyatli bo‘lishiga ishonchni orttiradi.
– Yoshligimda anor bog‘ida katta bo‘lganman, – deydi Mastura opa. – Dadamning 100 tupdan ortiq anor ekilgan bog‘lari bo‘lardi. Texnikumni bitirganimdan so‘ng yoshlar brigadasiga brigadir qilib tayinlashgan. Bizlarni hamma “Qirq qiz” briagadasi deyishardi. Qo‘limda 39 nafar qiz ishlar, o‘zim bilan qirq nafar edik-da...
O‘sha paytlari Mastura Sayfuddinovaning brigadasi umumiy 112 gektarlik bog‘ni parvarish qilishar, ulardan 52 gektari anorzor bo‘lsa, yana 12 gektar shaftolizor, 5 gektar gilos va qolgani o‘rikzor edi. G‘ayratli dehqon qiz darrov el nazariga tushdi, u yetishtirgan mevalarning dong‘i nafaqat respublikamiz, balki sobiq Ittifoq respublikalariga tarqadi. 1980 yili yosh brigadirning ishlarini Sharof Rashidov ham ko‘rdi, Masturani o‘qishga kirishi kerakligi, bunday yosh kadrlar yurtimiz qishloq xo‘jaligini rivojlantirishi uchun zamonaviy bilimlarga ega bo‘lishi zarurligini uqtirdi. Mastura Sayfullayeva qishloq xo‘jaligi institutning sirtqi bo‘limiga o‘qishga kirib, 1986 yildan sovxoz direktori etib tayinlanadi. Endi unga yuklatilgan vazifa yanada katta edi. Sovxoz hududining 700 gektariga anorekilib,uning rentabelligi belgilangan ko‘rsatkichlaridan 40–50 foizga yuqoriligi bilan ajralib turardi.
– Endi yerimiz, yaxshiydi-da, – deydi kamtarinlik bilan Mastura opa. – Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017 yilning yanvar oyida Surxandaryoga borganlarida Farg‘onadagi samaradorligi past bo‘lgan anorchilik xo‘jaliklarini birlashtirib, yangi agrofirma tuzish haqida ko‘rsatma berganlaridan so‘ng, viloyat hokimimiz bilan birgalikda ishlarni boshlab yubordik.
Hozirgi kunda “Farg‘ona anorchilik” agrofirmasi tomonidan289 gektar yer maydoniga anor nihollari ekilgan bo‘lib, ular 5-6 yilda to‘liq hosilga kiradi. Yer maydonlari 154 ta xonadonga bo‘lib berilgan, har bir xonadondan 2 kishidan 4-5 kishigacha shu yerlarda dehqonchilik qiladi. Anor nihollarini parvarish qilish barobarida aholi o‘ziga ajratilgan yer maydonlarida ro‘zg‘orga zarur bo‘lgan turli xil sabzavotlarni yetishtirib, oilalarini boqib kelmoqda.
O‘z navbatida mintaqamizda suv taqchilligi dolzarb masalalardan bo‘lib turgan bir hozirgi paytda anorlarni tomchilab sug‘orish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ayni kunlarda 20 gektar maydon tomchilab sug‘orishga to‘liq o‘tkazilgan, bog‘dan daromad olina boshlanganidan keyin esa tomchilab sug‘oriladigan yer maydonlar hajmi yildan-yilga oshaveradi.
Anorni yetishtirish bilan bir qatorda hozirgi kunda uni qayta ishlash masalasi ustida ham bosh qotirilmoqda. Agrofirma rahbarlari Isroillik hamkorlari bilan anordan sharbat olib, uni qadoqlash, parfyumeriya mahsulotlari ishlab chiqarish haqida muzokaralar olib bormoqdalar.
– Anorchilikni rivojlantirish uchun ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilishi kerak, – deb gapni davom ettiradi agrofirma rahbari. – Hozirgi kunda biz anorni ota-boblarimizdan qolgan usullar bilan parvarishlayapmiz. Bu ham yaxshidir, lekin meva-sabzavotlarni yetishtirishning innovatsion yo‘llarini topmasak, ularni qishloq xo‘jaligiga tatbiq etmasak, ertaga ekin yetishtirishda oqsab qolishimiz hech gap emas. Masala shundaki, anor yetishtirish bo‘yicha xorij texnologiyalari va usullarini qo‘llay olmaymiz. Negaki, anor yetishtiradigan Turkiya, Malayziya, Eron, Chili, Ozarbayjon, Janubiy Koreya kabi davlatlar dengiz bo‘yida joylashgan bo‘lib, ularning iqlimi mo‘tadil. Anor ekib qo‘ysang, o‘zi hosil beraveradi, hisob. Bizda esa qish sovuq, yoz issiq bo‘lgani bois qishda anorni ko‘mib qo‘yishimiz kerak, yozda esa muntazam sug‘orib turish talab etiladi.
Shu bois ham anorchilik tarmog‘ini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish, tarmoqda mahalliy anor navlari va istiqbolli navlar kolleksiyasini ilmiy asosda tashkil etish, anorchilik uyushmasi faoliyati samaradorligini oshirish, anor mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi va turlarini yanada ko‘paytirish, anorni qayta ishlash bo‘yicha zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, sohaning eksport salohiyatini oshirish, o‘zbek anor brendini yaratish, shuningdek, anorchilik sohasidagi ilg‘or tajribalarni respublikamizning barcha hududlarida tatbiq etish maqsadida Innovatsion rivojlanish hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklariga Farg‘ona davlat universitetida 2018–2019 o‘quv yilidan boshlab anorchilik ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘qish muddati uch yil bo‘lgan bakalavriat hamda o‘qish muddati bir yil bo‘lgan magistr mutaxassisi tayyorlash bo‘yicha tashkiliy ishlarni amalga oshirishmoqda. Innovapsion rivojlanish vazirligi qoshidagi jamg‘arma hisobidan ushbu mutaxassislik bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borayotgan yosh olimlarni xorijdagi yetakchi ilmiy markazlarga qisqa muddatli stajirovkalarga jo‘natishga tayyorgarlik ishlari boshlangan.
– Agrofirmamizda yetishtiriladigan anorlarning 60 foizi eksportga mo‘ljallangan, qolganining bir qismi yurtimiz bozorlarida sotilsa, qolgan qismini qayta ishlashga yo‘naltiramiz, – Mastura Sayfuddinova dedi keng dalalarga nazar tashlarkan. – Agar agrotexnika tomonidan maxsus qo‘llanmalar, yo‘riqnomalar ishlab chiqilsa, mahsulotimizning eksportbopligi yanada oshadi. Bizning anorchilik firmamiz anorchilik yo‘nalishida ta’lim olayotgan yoshlar uchun tayyor tajriba uchastkasi bo‘ladi, tadqiqotchilarimiz esa bu yerdan ishlab chiqarish laboratoriyasi sifatida foydalanishlari mumkin. Aytgancha, kelinim ham biolog, bu yil o‘qishini bitirib olsa, yonimga qo‘shilib, agrofirmamizni rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shadi, degan umiddaman.
Xullas, rejalar katta. Ularni amalga oshirishda Innovatsiya vazirligi va boshqa tashkilotlar yelkadosh bo‘lishmoqda. Jumladan, Farg‘ona davlat universitetida anor ko‘chatlarini sun’iy yetishtirish, zararkunanda va kasalliklarga qarshi kurash bo‘yicha yuqori texnologiyali ilmiy laboratoriya tashkil etish va zaruriy moddiy-texnik bazasi yaratish zarur. Bundan tashqari, anorchilikka ixtisoslashgan agrofirmalar qoshida kafedra filiallari tashkil etilishi hamda ilmiy-tadqiqot va o‘quv amaliyotlarini o‘tkazilishi lozim. Bu borada jadal sur’atlarda olib borilayotgan ishlar sohaning rivojiga hissa qo‘shishi shubhasiz.