O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Nomoddiy madaniy meros masalalari bo‘yicha ilmiy-uslubiy kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

2018-06-18 | Madaniyat

Mustaqillik sharofati bilan yurtimizda barcha jabhalarda bo‘lgani singari madaniyat va san’at sohasida ham bir qator keng islohotlar olib borilmoqda. Xususan, madaniyat sohasini yanada rivojlantirish va taraqqiy ettirish hamda uning mavqeini ko‘tarish, qolaversa, huquqiy asosini yaratish maqsadida hukumatimiz tomonidan bir qancha qonun, qaror va me’yoriy hujjatlar qabul qilindi.

Milliy madaniyatimiz bo‘lgan nomoddiy madaniy meros muhofazasi bilan bog‘liq masalalarga davlat miqyosida katta e’tibor qaratilmoqda. Ushbu sohadagi birlamchi va asosiy vazifa – nomoddiy madaniy meros namunalarini muhofaza qilish, asrash va ularni targ‘ib qilishdan iborat. Bu o‘rinda davlatimizda diqqatga sazovor ishlar amalga oshirib kelinayotganini aytib o‘tish joiz.

Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 7 oktyabrda 222-son qaror bilan tasdiqlangan 2010-2020 yillarda nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish, asrash, targ‘ib qilish va ulardan foydalanish Davlat dasturining qabul qilinishi ushbu sohada tarixiy bir voqea bo‘ldi. O‘n yilga mo‘ljallangan mazkur davlat Dasturining bosqichma-bosqich ijrosi orqali nomoddiy madaniy merosimiz o‘rganilib, ilmiy tadqiq etilmoqda. Mazkur dastur ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning 12 iyun kuni Toshkent shahrida, Respublika madaniyat muassasalari faoliyatini tashkil etish ilmiy-metodik markaz tomonidan tashkil etilgan nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish masalalariga oid ilmiy-uslubiy kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur kengashda Fan doktorlari Shomirza Turdimov, Oqilxon Ibrohimov, Mamatqul Jo‘rayev, Jabbor Eshonqulov,professorlar Azamat Haydarov, O‘razali Toshmatov, fan nomzodlari Oygul Ahmedova, Shahlo Abdullayeva, dotsent Jahongir Mamatqosimov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Nuriddin Aminjonov, san’atshunos Lola Muxutova, Respublika madaniyat muassasalari faoliyatini tashkil etish ilmiy-metodik markazi mutaxassislari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan tashrif buyurgan nomoddiy madaniy meros bo‘yicha mas’ullar ishtirok etdilar.

Kengash O‘zlikni namoyon qilishning og‘zaki shakl va an’analari; Ijrochilik san’ati; Urf-odat, marosim va bayramlar; Tabiat va koinot bilan bog‘liq bilim va urf-odatlar hamda An’anaviy hunarmandchilik bilan bog‘liq bilim va ko‘nikmalar sho‘balaridan iborat.

Respublika madaniyat muassasalari faoliyatini tashkil etish ilmiy-metodik markazi direktori, professor A.Haydarov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 23 fevralda qabul qilingan “Nomoddiy madaniy meros muhofazasiga oid normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 47-son qaroriga muvofiq tashkil etilganligi, mazkur qarorga ko‘ra ushbu Kengashni tashkil etish va faoliyatini muvofiqlashtirib borish Markaz zimmasiga yuklatilganligi, Vazirlik va Markaz tuzilmasidagi o‘zgarishlar hamda xodimlar almashinuvi sabab Kengash faoliyati biroz muddat to‘xtab qolganligi haqida biroz to‘xtalib o‘tdi. Hamda Kengashning yangi a’zolarini tasdiqlab olib, uning faoliyatni muntazam yo‘lga qo‘yilsa, maqsadga muvofiq bo‘lishini ta’kidlab, ilmiy-uslubiy kengash tarkibi va sho‘balarini yig‘ilish ishtirokchilariga tanishtirib, Kengash tarkibini ovozga qo‘ydi. Yig‘ilish ishtirokchilari Kengash a’zolarini bir ovozdan tasdiqlashdi.

Shundan so‘ng kun tartibidagi ikkinchi masala – O‘zbekiston nomoddiy madaniy meros obyektlari milliy ro‘yxati, mahalliy ro‘yxatlari hamda zudlik bilan muhofaza ostiga olinishi lozim bo‘lgan nomoddiy madaniy meros obyektlari ro‘yxatini qayta ko‘rib chiqish va yangilash bo‘yicha takliflar so‘raldi.

Professor O‘rozali Toshmatov hozirgi kunda Prezidentimiz tashabbusi bilan baxshichilik va dostonchilikni rivojlantirishga oid bir qator me’yoriy hujjatlar qabul qilinganligi, bu san’atga hukumat tomonidan juda katta e’tibor qaratilayotganligini inobatga olib, zudlik bilan muhofaza ostiga olinishi lozim bo‘lgan nomoddiy madaniy meros obyektlarining ro‘yxatidan dostonchilik san’atini ro‘yxatning boshqa qismiga o‘tkazish lozimligini ta’kidladi. Shuningdek, bizga aloqador bo‘lgan lekin boshqa davlatlar tomonidan YUNЕSKOning NMM reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan o‘tov, kurash, ko‘pkari singari nomzodlarga qo‘shilish taklifini bildirdi. Kengash a’zolaridan milliy ro‘yxatni sinchiklab o‘rganib chiqish lozimligini ta’kidlab o‘tdi. Taklifida yana bir jihatni ya’ni nomoddiy madaniy merosga doir me’yoriy hujjatlarga ko‘ra ushbu ro‘yxat har yili yangilab borilishi kerakligi hamda Kengash sho‘balariga mas’ul mutaxassislardan Milliy ro‘yxatning o‘ziga tegishli qismi yuzasidan aniq taklif-mulohazalar bildirishlarini so‘rab, imkon qadar noyob nomoddiy madaniy meroslarni saqlab qolish kerakligi to‘g‘risida fikr bildirdi.

Shundan so‘ng filologiya fanlari doktori Jabbor Eshonqulov bu takliflarning ayrimiga qo‘shilmasligini aytib, baxshichilik va dostonchilik san’ati har doim zudlik bilan muhofaza ostiga olinishi lozim bo‘lgan ro‘yxatda aks etishi kerakligini, bu san’atni yanada rivojlantirish zarurligini ta’kidlab o‘tdi.

Shu tariqa yig‘ilish qiziqarli bahs-munozara va tortishuvlarga boy tarzda davom etdi. Ma’ruza davomida ishtirokchilar O‘zbekiston nomoddiy madaniy meros obyektlari milliy ro‘yxati bilan tanishib chiqdilar va ro‘yxatda ayrim kamchiliklar borligini ularni to‘g‘rilash kerakligini ta’kidladilar.

Mahalliy ro‘yxatni o‘zgartirish kerak. O‘zbekistonda ko‘p millatlar yashaydi. Shuni inobatga olgan holda tuzish kerak.Ro‘yxatning tabiat va koinotga doir qismiga o‘zgartirishlar kiritish hamda o‘lanchilik san’atini mohofaza ostiga olish lozim, – deydi professor Mamatqul Jo‘rayev.

Kengash a’zosi Lola Muxutova ayrim viloyatlarning mahalliy ro‘yxati an’anaviy hunarmandchilik yo‘nalishiga pazandalik ham kiritilganligi, bu esa noto‘g‘ri ekanligini ta’kidlab, xattotlik san’atini zudlik bilan muhofaza ostiga olinishi lozimligini bildirdi.

Filologiya fanlari nomzodi Oygul Ahmedova nomoddiy madaniy merosni ommaviy axborot vositalari orqali yanada kengroq yoritilishini hamda televideniyada maxsus ko‘rsatuv tashkil etish lozimligi bo‘yicha taklif berdi.

Kengash so‘ngida Markazning Ijodiy birlashmalar va xalq ijodiyotini ilmiy-metodik ta’minlash bo‘limi boshlig‘i Hilola Xo‘jayeva Markaz mutaxassislari tomonidan tayyorlangan Nomoddiy madaniy merosga doir “Qodir baxshi haqida xotiralar” hamda “Marosim va mehnat qo‘shiqlari” uslubiy qo‘llanma loyihalarini kengash a’zolariga taqdim etdi. Uslubiy qo‘llanmalar kengash a’zolari tomonidan ko‘rib chiqilib, unda ayrim kamchilliklar borligi va bu kamchiliklar bartaraf etilsa, qo‘llanmalarni nashr qilishga tavsiya etish mumkinligi aytib o‘tildi.

Munozaralar yakunida nomoddiy madaniy merosni saqlash hamda uni targ‘ib qilish, yo‘qolib ketmasligining oldini olish, yoshlar orasida targ‘ib etish bugungi kunda ayni zarurat ekanligiga e’tibor qaratilib, bu borada qo‘shimcha chora-tadbirlarni ishlab chiqish to‘g‘risida mulohazalar bildirildi va qo‘llab-quvvatlandi.

 

Nilufar KARIMOVA

Respublika madaniyat muassasalari

Faoliyatini tashkil etish ilmiy-metodik

Markazi mutaxassisi

Поделиться