Jizzaxda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida “Yilning eng faol yosh mutaxassisi” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Yosh mutaxassislarning kasb mahoratini oshirishga keng imkoniyat yaratish, ularni rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda tanlovning tuman va shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan yoshlar qatnashdi. Unda eng faol yosh olim, shifokor, bank xodimi, tarbiyachi, ichki ishlar xodimi, quruvchi, transportchi, ipakchilik sanoati xodimi, fermer nominatsiyalari bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.
“Eng faol yosh fermer” nominatsiyasida Arnasoy tumanidagi “Umidbek ila Nuriddin” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi raisi Nuriddin Turonov g‘olib chiqdi. Iqtisodiy tez yuksalib borayotgan ushbu fermer xo‘jaligi ishlab chiqarishga innovatsion texnologiyalarni dadil joriy etayotgani bilan boshqalardan ajralib turadi.
– Bugun qishloq xo‘jaligida eski usulda ishlab bo‘lmasligi ko‘rinib turibdi, – deydi N.Turonov. – Ayniqsa, yer, suv sharoiti birmuncha og‘ir bo‘lgan tumanimizda ishlab chiqarish samaradorligini oshirishni yangi texnologiyalarsiz tasavvur etish qiyin. Ayni paytda xo‘jaligimizning barcha tarmoqlarida yangi ishlab chiqarish texnologiyalarini keng qo‘llashga harakat qilayotirmiz.
Turli yo‘nalishlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yosh mutaxassislar tanlovning mamlakat bosqichida ishtirok etadi.
Toshqul Beknazarov, O‘zA