O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Andijon viloyatida boshoqli don ekinlarining superelita urug‘larini tayyorlash ishlari boshlandi
2018-06-14 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 15 sentyabrdagi PQ-3281-sonli “2018 yilda qishloq xo‘jaligi ekinlarini oqilona joylashtirish chora-tadbirlari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishning prognoz hajmlari to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan joriy yilda respublikamiz bo‘yicha 1107,1 ming gektar suvli maydonda boshoqli don ekinlari joylashtirilib, belgilangan muddatlarda g‘allani parvarishlash tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur qaror bilan Don va dukkakli don ekinlari ilmiy-tadqiqot instituti va uning hududiy filiallari, ilmiy-tajriba stansiyalari tomonidan 490 gektar suvli maydonlarda 1470 tonna superelita urug‘larini tayyorlash belgilangan.
Jumladan, Andijon viloyatida joylashgan Don va dukkakli don ekinlari ilmiy-tadqiqot institutining 55 gektar tajriba va urug‘ ko‘paytirish maydonlaridan 165 tonna “Yog‘du”, “Bobur”, “Davr”, “Durdona”, kabi mahalliy hamda “Zimnitsa”, “Zvezda” va boshqa xorijiy navlarning birlamchi urug‘lari yetishtirildi.
Bugungi kunda ushbu maydonlarda urug‘lik donni o‘rim-yig‘im ishlari boshlab yuborildi. Institut direktori, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori Ravshan Siddiqovning so‘zlariga qaraganda, mahalliy navlarimizning hosildorligi va ertapisharligi bo‘yicha ko‘rsatkichlari xorijiy navlardan qolishmayapti. Ushbu navlarining potensial hosildorligi 75-80 s/ga ni tashkil qilmoqda.
Innovatsion rivojlanish vazirligi boshqarma boshlig‘i Mo‘min Tolibov va Urug‘chilikni rivojlantirish markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Javliyev ushbu maydonlarni ko‘zdan kechirib, tayyorlanayotgan superelita urug‘larini kelgusida markazga qarashli elita-urug‘chiligi xo‘jaliklarida ekish va urug‘larini ko‘paytirish bo‘yicha o‘zlarining tavsiyalarini berishdi.
2019 yil hosili uchun 302,4 ming tonna, shundan suvlida 276,8 ming tonna, lalmida 25,6 ming tonna sifatli urug‘liklarni tayyorlash bo‘yicha barcha choralar ko‘rilmoqda.