Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasi shunday nomlandi. Unda poytaxtimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari, rejalashtirilayotgan loyihalar, bartaraf etilishi zarur bo‘lgan muammolar tahlili haqida fikr yuritildi.
Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Jahongir Ortiqxo‘jayev poytaxtdagi muammolar va kamchiliklar haqida aytib o‘tdi. Jumladan, hokimiyat faqat xizmat ko‘rsatuvchi organ bo‘lib qolgani (ya’ni tozalash, qurish, buzish kabi), yangi loyihalarni amalga oshirishda tashkilotlar bilan sheriklik aloqalari yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani, tuman markazlari faoliyati qoniqarsiz ekani, ulgurji savdo bozorlari tartibsizligi, bu esa transport qatnoviga salbiy ta’sir qilayotgani, ba’zi tumanlarda ijtimoiy-maishiy obyektlar, sport majmualari yetishmasligiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
J.Ortiqxo‘jayev muammolarning yechimi yuzasidan bir qator takliflar bildirdi. Shaharda faqat yirik loyihali, yuqori texnologiyali korxonalarni qoldirish, dam olish maskanlari, ko‘ngilochar markazlarni barpo etish, Toshkentdagi har bir tumanning o‘z markazini barpo etish kabi takliflar shular jumlasidan.
Yaqin kunlarda shaharning 4 namunali ko‘chasi loyihasi xalqqa taqdim etiladi.
Tadbirda Sergeli tumani hokimi Nozim Husanov hududda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari haqida ma’lumot berdi.
Sergelidagi o‘zining yaroqlilik muddatini allaqachon o‘tab bo‘lgan yog‘och uylar o‘rnida zamonaviy uylar bunyod etilmoqda. Qisqa muddatda tumandagi 13 gektar maydonda 66 ko‘p qavatli uylar qad rostladi. Ular aholiga imtiyozli kreditlar asosida berildi. Yangi mavzeda 240 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasi, 630 o‘rinli umumta’lim maktabi, 61-oilaviy poliklinika, yopiq suzish havzasi, shahar militsiya bo‘linmasi, pochta va kitob do‘koni, dam olish maskanlari, bolalar maydonchalari, avtomobil turar joylari, velotrassa barpo etilgan. Xizmat ko‘rsatish tarmoqlari tashkil etildi, yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Joriy yilda Sergelida yana 5 ming 40 xonadonli ko‘p qavatli uylar qurilishi rejalashtirilgan. Hozirda qurilish ishlari jadal davom etmoqda.
Tadbirda ta’kidlanganidek, Chilonzor tumanidagi Do‘mbirobod mahallasida yaqin kunlarda 3 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar qurilishi rejalashtirilgan. Bu uylar kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga, nogironligi bor fuqarolarga beriladi.
Bundan tashqari “Toshkent City” xalqaro ishbilarmonlik markazi,Toshkent shahridagi yer usti xalqa metro liniyasi, Maxtumquli va Ohangaron ko‘chalari kesishmasidagi uch qavatli zamonaviy ko‘prik,Chilonzor tumanining Afrosiyob va Beshyog‘och ko‘chalari kesishuvidagiko‘p tarmoqli “Humo Arena” muz saroyi,Bunyodkor va Cho‘ponota ko‘chalari kesishmasida qurilayotgan zamonaviy yo‘l o‘tkazgich, “Obod mahalla” dasturi doirasida poytaxtimiz tumanlari olib borilayotgan ishlar, poytaxtimizning piyodalar svetoforlarini teskari sanoq taymeriga ega svetoforlarga almashtirish loyihasi kabi ishlar haqida ma’lumot berildi.
Nurillo Nasriyev, O‘zA