O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Mudofaa vaziri Qirg‘iziston harbiy delegatsiyasini qabul qildi
2018-06-13 | Siyosat
12 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri Abdusalom Azizov Qirg‘iziston Respublikasi qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i general-mayor Rayimberdi Duyshenbiyev boshchiligidagi harbiy delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuv davomida mudofaa sohasida o‘zbek-qirg‘iz hamkorligining bugungi holati va rivojlanish istiqbollari, shuningdek harbiy yo‘nalishda o‘zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama etildi. Tomonlarning diqqat markazida Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlikni ta’minlash dolzarb vazifa ekani ta’kidlandi.
Mudofaa vaziri A. Azizov 2017 yil sentyabr va dekabr oylarida Qirg‘iziston Respublikasi prezidentining O‘zbekistonga rasmiy tashriflari ikki mamlakat o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishda muhim voqea bo‘lib qolganini aytib o‘tdi.
Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston mustaqillik yillarida qo‘shni Qirg‘iziston bilan do‘stlik munosabatlarni mustahkamlashga alohida e’tibor berib kelmoqda, mamlakatlar o‘rtasida yaqin qo‘shnichilik aloqalarni yuksak qadrlaydi. Mamlakatlarimiz o‘rtasida hamkorlik masalalarining mustahkamligi butun Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlikni ta’minlash va barqaror rivojlanishni ta’minlashda alohida o‘rin tutadi.
Bugungi kunda mamlakatlarimiz o‘rtasida tovar aylanmasi 250 mln. AQSH dollaridan ko‘proq mablag‘ni tashkil etadi.
O‘zbekiston hududida qirg‘iz kapitali ishtirokidagi 57 ta korxona faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, Qirg‘izistonda 51 ta O‘zbekiston rezidentlari ishtirokidagi korxona tashkil etilgan.
Mamlakatlarimiz o‘rtasida madaniy-gumanitar sohada ham faol rivojlanish kuzatilmoqda. Bunga ortda qolgan yilning 6-7 oktyabr kunlari Bishkek va O‘sh shaharlarida O‘zbekiston madaniyati kunlari o‘tkazilgani misol bo‘la oladi.
Uchrashuv davomida ikki mamlakat mudofaa vazirliklari o‘rtasida mudofaa sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan 2018 yilga hamkorlik rejasi imzolandi.
“Ishonchimiz komilki, harbiy sohadagi mustahkam normativ-huquqiy bazaning yaratilishi, qurolli kuchlarimiz uchun ahamiyatli bo‘lgan ikki tomonlama tadbirlarni rejalashtirish va o‘tkazishni amalga oshirishga yordam beradi. Ularning jangovar shayligini kuchaytirishda o‘ziga xos “tayyorlov maydoni”ni o‘tab, nafaqat ikki mamlakat xavfsizligini, balki butun mintaqadagi barqarorlikni saqlashga xizmat qiladi”, – dedi o‘z nutqida O‘zbekiston mudofaa vaziri.
Mehmonlar, shuningdek, Qurolli Kuchlar akademiyasida harbiy kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishda zamonaviy yondashuvlar bilan yaqindan tanishishdi.