Farg‘ona viloyati. “Obod qishloq” dasturi doirasida 163,3 milliard so‘m mablag‘ sarflanadi
Farg‘ona viloyatining 15 tumanida “Obod qishloq” dasturi asosida keng ko‘lamli qurilish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilmoqda. Dastur doirasida barcha manbalar hisobidan jami 163,3 milliard so‘m mablag‘ sarflanadi.
Yurtimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari va islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad aholi ehtiyojlarini ta’minlash, odamlarni hayotdan rozi qilishdir. Prezidentimiz tashabbusi bilan hayotga joriy etilgan navbatdagi yangi tizim – “Obod qishloq” dasturi qishloqlar, ayniqsa, olis va chekka hududlarda yashayotgan aholi hayotida chin ma’noda yangi sahifa ochdi. Bunday bunyodkorlik ishlari qishloqlarga zamonaviy qiyofa bag‘ishlab, odamlarning hayotga, mehnatga munosabatini tubdan o‘zgartirmoqda.
Farg‘ona tumanidagi Mindonobod qishlog‘ida ham bugun obodonlashtirish ishlari avjida. Yo‘lning har ikki tomonida qad rostlagan zamonaviy, o‘ziga xos me’morchilik an’analari bilan qad rostlagan namunaviy loyihadagi uylar bu maskanga o‘zgacha tarovot bag‘ishlayotir. Qishloqdagi 916 xonadonda istiqomat qilayotgan 4 ming 176 nafar aholi uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda. Kishilar yashash turmush tarzini yanada yaxshilash puxta ishlab chiqilgan “yo‘l xaritasi”ga asosan olib borilayotir. 10 tashkilot mas’ul etib belgilangan bu xaritada jami 6 milliard 110,2 million so‘mlik ish bajarilishi ko‘zda tutilgan. Dastur asosida qishloqda zamonaviy maktab binosi, oilaviy poliklinika va uchta maktabgacha ta’lim muassasasi yangitdan quriladi.
Shu haqda mutasaddilar bilan suhbatlashar ekanmiz, xususiy tadbirkor Shahnoza Madaliyevaning tashabbusi qiziqishimizni yanada oshirdi. 150 o‘ringa mo‘ljallangan va sport-sog‘lomlashtirishga ixtisoslashtirilgan nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasiqurilishi loyihasi bilan tanishib, uning o‘ziga xosligi, jahon andozalariga mosligi e’tiborimizni tortdi.
– Xususiy maktabgacha ta’lim muassasalariga berilayotgan imkoniyatlar, shuningdek, “Obod qishloq” dasturida ilgari surilgan chora-tadbirlar xususiy bog‘cha ochishimga turtki bo‘ldi, – deydi tadbirkor Sh.Madaliyeva. – Muassasa uchun ajratilgan 25 sotix bo‘sh yerda kuni kecha poydevor quyish ishlari boshlandi. Maktab yoshigacha bo‘lgan bolalarning salomatligini yanada mustahkamlash, ularning bolalikdanoq sportga oshno tutinishiga erishish maqsadida muassasada badiiy gimnastika, akrobatika, futbol, basketbol, taekvondo singari sport yo‘nalishlari faoliyat ko‘rsatadi. Mini-sport maydonlarining bino tom qismida joylashishida arxitektura talablari inobatga olindi. Nasib etsa, muassasamiz Vatanimiz mustaqilligining 27 yillik bayramiga tuhfa sifatida foydalanishga topshiriladi.
Madadkor va Baynalmilal ko‘chalaridagi ichki yo‘llarga shag‘al yotqizilmoqda. Mahalla ahli uchun jiddiy muammo bo‘lib kelayotgan bu masalani hal etish uchun 7 kilometr yo‘lni joriy ta’mirlashga 491 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Tadbirkorlarimiz sa’y-harakati tufayli katta guzar barpo etilmoqda. Savdo do‘koni, novvoyxona, sartaroshxona, umumiy ovqatlanish majmuasi, poyabzal ta’mirlash, qassobxona va boshqa maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalarining bir guzarda joylashtirilayotgani Mindonobod ahliga juda manzur bo‘lmoqda.
“Tinchlik” mahalla fuqarolar yig‘inida ham dastur asosida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. “Yo‘l xaritasi”dagi chora-tadbirlar tufayli, avvalo, Marg‘ilon ko‘chasidagi xonadonlarning aksariyatida qurilish-ta’mirlash ishlari bajarildi.
– Mahalladagi uylarning tomi yangilandi, darvozayu devorlarga yangicha chiroy berildi, – deydi Marg‘ilon ko‘chasidagi 382-xonadon sohibasi O.Toshtemirova. – Darvozalarimiz oldi obod bo‘ldi, gulzorlar barpo etildi. Endi bundan o‘zimizning ham ko‘zimiz yashnab, dilimiz quvnamoqda.
Marg‘ilon ko‘chasidagi 135 xonadonning fasad qismi ta’mirlanib, 3 kilometrlik suv tarmog‘i tortilmoqda. Ayni paytda mahallaning Tinchlik, Maydon, Xurram, Ilg‘or, Davr, Alisher Navoiy ko‘chalarida yo‘llarni joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Dastur asosida olib borilayotgan ishlar ko‘lami Oltiariq tumanida ham keng quloch yoygan. Tumanning eng yirik qishloqlari Qapchug‘ay, Poloson, Tinchlik va ularda joylashgan 10 mahalla fuqarolar yig‘ini ayni paytda bunyodkorlik maydoniga aylangan. Chunki bu hududlarda yo‘lsozlar, quruvchi va me’morlar, tadbirkorlar, keng aholi vakillari yelkama-yelka mehnat qilayotgani tufayli yangidan-yangi obyektlar barpo etilib, ishga tushirilmoqda. Ko‘chalarning umumiy manzarasiga yarashmaydigan eski turar joylar bugungi me’morchilik talablariga moslashtirilmoqda.
Har qanday natija,avvalo, raqamlarda aks etadi. Bu yerdagi hisob-kitoblarda ham amaliy ishlar ko‘lami yaqqol namoyon. Xususan, Poloson va Tinchlik qishloqlaridagi xonadonlar tom qismi yangilandi, 444 xonadonning fasad qismi va 384 darvoza bo‘yaldi. Mazkur hududlarning 8 kilometr qismidagi yog‘och ustunlar beton ustunlarga almashtirildi. 360 dona ko‘cha chirog‘i o‘rnatildi, 11 transformator ta’mirlandi.
Ichimlik suv ta’minotini yaxshilash maqsadida 5,8 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i tortildi, 3 suv minorasi ta’mirlandi. 4 kilometr oqova suv tarmog‘i tozalandi hamda 300 metr oqova suv tarmog‘i yangitdan yotqizildi. Hududdagi qishloqlar aholisiga xizmat ko‘rsatuvchi 100 o‘rinli 89-qishloq oilaviy poliklinikasi ham qayta rekonstruksiya qilindi.
– Salomatlik maskanimiz 20 mingdan ortiq aholiga xizmat qiladi. Shuni inobatga olib, byudjet va homiylik mablag‘lari hisobidan qurilish-ta’mirlash ishlari olib borildi. “Salomatlik – 2” loyihasi doirasida yangi tibbiy jihozlar bilan ta’minlandi. Shifoxonamizning o‘zida ijtimoiy dorixona faoliyati yo‘lga qo‘yilgani ham aholiga qulaylik tug‘dirmoqda, – deydi poliklinika bosh shifokori M.Aliyeva.
Mamlakatimizda yaratilayotgan keng sharoit va imkoniyatlar polosonlik tadbirkorlarga ham qanot bermoqda. Masalan, mahallada ish boshlagan ikki qavatli bino aholiga keng turda xizmat ko‘rsatuvchi maskanga aylandi. Umumiy ovqatlanish majmuasi bilan birgalikda faoliyat boshlagan ayollar sartaroshxonasi, kelinlar libosi do‘koni va chevarxonada aksariyat yoshlar ishlamoqda. F.Ergashevaning ishbilarmonligi tufayli birgina chevarxonaning o‘zida ko‘plab qizlar hunar o‘rganmoqda.
– Oltiariq maishiy xizmat kasb-hunar kollejini tugatganman, – deydi M.Davronova. – Mana, 3 oydan buyon shu yerda kasb o‘rganmoqdaman. Saboqlarni zamonaviy tikuv mashinalarida o‘zlashtirayotganimiz hunarga qiziqishimizni yanada oshirmoqda.
Tinchlik shaharchasidagi ezgu yumushlar ham qizg‘in pallaga kirgan. Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi tasarrufidagi madaniyat saroyi to‘liq ta’mirdan chiqarilib, madaniy-ma’rifiy maskanga aylantirildi, gulzorlar tarovatidan yanada chiroy ochdi. 300 o‘rinli tadbirlar zali zamonaviy ko‘rinish oldi. Bu vazifalarni bajarishga zavodning 200 nafar ishchi-xizmatchisi jalb etildi. Madaniyat saroyi sahnida tez kunlarda bolalar attraksionlari, shuningdek, kichik dehqon bozorchasi, maishiy xizmat obyektlari, kitob do‘koni, internet markazi foydalanishga topshiriladi.
Shaharchadagi “Yangi hayot” mahalla fuqarolar yig‘inining katta yo‘l bo‘yida joylashgan manzillarida haqiqiy ma’noda yangi hayot boshlanmoqda. Yig‘in raisi T.Rahmonovning ta’kidlashicha, avvalo, Dasturga kiritilgan 257 xonadon, 4 ta ko‘p qavatli uyda yashovchi yurtdoshlarimizning talab va takliflari, maqsadlari o‘rganildi. Ehtiyojmand va nochor fuqarolarning xonadoniga shirkat va homiylik mablag‘lari hisobidan amaliy yordam ko‘rsatildi. Ko‘plab uylarda ta’mirlash-qurilish ishlari bajarildi. Bu ezgu yumushlarda viloyatdagi boshqarma va tashkilotlar, xususiy tadbirkorlar, el ardog‘idagi san’atkorlar ham faol ishtirok etayotir.
Ulkan o‘zgarishlarga sabab bo‘layotgan bunday yangilanishlar tegishli hududlari Dasturga kiritilgan “Sharq”, “Quvurboshi”, “Yoshlik”, “Do‘stlik”, “O‘zbekiston”, “Abu Ali ibn Sino”, “Abu Rayhon Beruniy”, “Alisher Navoiy” mahalla fuqarolar yig‘inlarida ham olib borilmoqda.
Darhaqiqat, hozir Oltiariqqa kelgan kishi bu qishloqlarni tanimaydi, to‘g‘rirog‘i, o‘zi uchun qaytadan kashf etadi. Qapchug‘ay, Tinchlik va Poloson bahordan darak beruvchi bodom gullari kabi go‘zallikka burkanmoqda. Bu ko‘rk tez orada Oltiariqning barcha mahallalarini qurshab olishi shubhasiz.
Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA