O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston-Fransiya: hamkorlik yangi bosqichda davom etadi
2018-06-11 | Jamiyat
Samarqand viloyati hokimligida Fransiya taraqqiyot agentligining loyiha rahbari Aleksandr Monteyro boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Viloyat hokimi T.Jo‘rayev mehmonlarga viloyatda chiqindilarni qayta ishlash borasida olib borilayotgan ishlar haqida so‘zlab berdi. Ushbu yo‘nalishda fransiyalik hamkorlar bilan birga Samarqand shahrida xonadonlardan chiqadigan maishiy chiqindilarni shahardan tashqariga olib chiqish, saralash va qayta ishlash loyihasi amalga oshirilishi kelgusida o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga zamin yaratishini qayd etdi.
Umumiy qiymati 37 million yevro bo‘lgan loyiha uch yil davomida amalga oshiriladi. Shundan 23 million yevro Fransiya taraqqiyot agentligi mablag‘i, 8 million yevro Yevropa Ittifoqi tomonidan grant tarzida ajratiladi.
Fransiya taraqqiyot agentligi loyihani to‘liq amalga oshirgach, ish jarayonini “Maroqand obod” davlat unitar korxonasi tashkil etadi. Tashkil qilinadigan korxonaning yillik quvvati 400 ming tonna chiqindini qayta ishlashga mo‘ljallangan.
Ayni paytda shaharda maishiy chiqindilarni chiqarish bilan bir nechta korxona shug‘ullanmoqda. Yangi loyiha amaliyotga tatbiq etilgach, chiqindilarni yig‘ish va chiqarish “Maroqand obod” korxonasi zimmasida bo‘ladi. Chiqindilarni yig‘ish, saralash, olib chiqish va qayta ishlash jarayoni uchun maxsus zamonaviy texnikalar joriy qilinadi.
Uchrashuv yakunida viloyat hokimligi va Fransiya taraqqiyot agentligi o‘rtasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan hujjatlar imzolandi.