Qahramon Quronboyev:Yoshlariga egalik qila olgan mamlakat ularning munosib kelajagini ta’minlay oladi
“Terrorizmga olib keluvchi tajovuzkor ekstremizm va radikalizmning oldini olish hamda ularga qarshi kurashishda yoshlarning roli” mavzuiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya davom etmoqda.
Mavzu yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar siyosati masalalari bo‘yicha Davlat maslahatchisi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisi Qahramon Quronboyev o‘z fikrlarini bildirdi.
– Dunyoda terrorizm xavfi tobora kuchayib borayotgan bir vaqtda, bu kabi keng ko‘lamli va aniq maqsadli tadbirlarning o‘tkazilishi muhim ahamiyatga ega, – dedi Q.Quronboyev. – Zero, Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishi uchun radikalizm va ekstremizm yetarli darajada xavf tug‘diradi.
O‘zbekiston aholisining 60 foizdan ortig‘ini yoshlar tashkil etadi. Shu bois mamlakatimizda yoshlarga e’tibor davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Biz yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi faoliyatimizni davlat va fuqarolik jamiyati institutlari bilan birgalikda olib bormoqdamiz. Bugun O‘zbekiston yoshlar ittifoqi 10 milliondan ortiq yigit-qizni o‘z atrofiga birlashtirgan. 2017 yili 50 mingdan ziyod yosh tashkilotimiz ko‘magida uyli bo‘ldi. Bu davlatimizning yoshlar ijtimoiy himoyasini ta’minlash va turmush kechirishi uchun yetarli sharoit yaratib berish borasidagi intilishlarini aks ettiradi.
Q.Quronboyev, shuningdek, terrorizmga olib keluvchi tajovuzkor ekstremizm va radikalizmning oldini olish hamda ularga qarshi kurashishda yoshlarning roli nimalardan iborat bo‘lishi kerakligi haqidagi o‘z fikrlarini bildirdi.
– Hozirgi yoshlarning ma’lum qismi munosib turmush sharoiti istab xorijga ketmoqda. Migratsiya natijasida begona til va madaniyat bilan yuzlangan avlod birinchi navbatda ekstremistlar ta’siriga tushib qolishi hammamizga ma’lum. Eng muhim masala — xorijdagi ana shu yoshlar bilan doimiy muloqot o‘rnatish, ularni turli xavfli guruhlar ta’siriga tushib qolishining oldini olishdir. Yoshlariga egalik qila olgan mamlakat ularning munosib kelajagini ta’minlay oladi. O‘zbekistonda xorijdagi yoshlar bilan ishlash bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilmoqda.
Ulug‘bek Shonazarov, O‘zA