O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Vatandoshlar O‘zbekistondagi o‘zgarishlarda ishtirok etishni istaydilar
2018-06-11 | Jamiyat
2018-yilning 9-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasining Tashqi ishlar vazirligi va Buyuk Britaniyadagi Elchixonasi tomonidan qator o‘quv yurtlari talaba va o‘qituvchilari, London hamda Britaniya va Norvegiyaning boshqa shaharlarida istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan videokonferensiya shaklida muloqot o‘tkazildi.
London iqtisodiyot va siyosiy fanlar maktabi magistranti Diyora Rafiyeva, Kembridj universiteti bitiruvchisi Timur Yunusov va boshqalar vatanimizda hayotning deyarli barcha sohalarida olib borilayotgan o‘zgarishlarni iliq kutib oldilar va qizg‘in qo‘llab-quvvatladilar va unga o‘z hissalarini qo‘shishga tayyor ekanliklarini izhor etdilar.
Ta’kidlanganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyev boshlagan islohotlar vatandan uzoqda bo‘lgan hamyurtlarimizda qiziqish uyg‘otmoqda, shuningdek, xorijiy davlat rahbarlari, jamoatchiligi va OAV tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Bo‘lib o‘tgan suhbat davomida kelajakda hamkorlik qilish bo‘yicha aniq takliflar bildirildi, jumladan O‘zbekiston mahsulotlarini Buyuk Britaniyaga eksport qilish, investitsiya, zamonaviy texnologiyalar jalb qilish, ilmiy va madaniy almashinuvni mustahkamlash va rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.
O‘z nutqlarida tashqi ishlar Vaziri o‘rinbosari Abdujabar Abduvaxitov va mamlakatimizning London shahridagi Elchisi Alisher Shayxov vatandoshlarimizning mamlakatimiz bilan aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan intilishlarini qo‘llab-quvvatladilar.