O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Markaziy Osiyo xalqaro ekologiya forumi: hamkorlik davom etadi
2018-06-08 | Ekologiya
Toshkent shahrida “Atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror rivojlanish borasida hamkorlikni mustahkamlash” mavzusida o‘tkazilgan uch kunlik Markaziy Osiyo xalqaro ekologiya forumi o‘z ishini yakunladi.
Anjuman yopilishida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi B.Qo‘chqorov, Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazi ijrochi direktori I.Abdullayev, Tojikiston Respublikasi Atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi X.Ibodzoda, Qozog‘iston Respublikasi Energetika vazirligi ekologik tartibga solish va nazorat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Z.Joldasov, Qirg‘iziston Respublikasi Atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi davlat agentligi direktori o‘rinbosari A.Rispekov va boshqalar o‘tkazilgan xalqaro forum atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha aniq loyihalarni belgilab olish, suv resurslaridan tejamli va oqilona foydalanish, tabiiy bioxilma-xillikni saqlash, hayvonot va nabotot olamini asrab-avaylashda zarur choralarni amalga oshirishda Markaziy Osiyo davlatlari manfaatlarini uyg‘unlashtirishga xizmat qilishini qayd etdi.
Forum doirasida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimini rivojlantirish, qattiq maishiy chiqindilarni kompleks boshqarish, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish, suv, energetika va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan sessiyalar o‘tkazildi. Shuningdek, “Markaziy Osiyoda suv, ta’lim va hamkorlik” loyihasi asosida Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo ishchi guruhlarining yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi.
– Xalqaro forumda qizg‘in bahs-munozaralar bo‘ldi, – dedi Afg‘oniston Islom Respublikasi Atrof-muhitni muhofaza qilish milliy agentligi bosh direktori Shoh Zamon Mayvandi. – Forum biz uchun mazmunli va foydali bo‘ldi. Atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha O‘zbekiston va Tojikiston bilan hamkorlikka kelishib oldik. Shuni ham ta’kidlashim kerakki, atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi masalalarigayondashuvlarda Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida mushtaraklik mavjudligi Afg‘oniston uchun muhimdir.
Forum O‘zbekiston uchun xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikka keng yo‘l ochdi. Jumladan, Italiya atrof-muhit vazirligi bilan hamkorlik qilishga kelishib olindi, Germaniya atrof-muhit vazirligi bilan qo‘shma hujjatlar imzolandi. Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha maqsadli kelishuvlarga erishildi.
Anjuman doirasida “Chiqindilarni qayta ishlash texnologiyalari. Atrof-muhit muhofazasi. Energiya tejamkorligi va energiya samaradorligi – GETCA 2018” ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmasi, biznes-forum, “Markaziy Osiyo yoshlari” deb nomlangan tadbir o‘tkazildi hamda Orolbo‘yi hududiga sayohat uyushtirildi.
Forum yopilishida Markaziy Osiyo yoshlarining atrof-muhitni asrash va ekologik muammolarni bartaraf etishda birgalikda kurashishga bag‘ishlangan murojaatnomasi o‘qib eshittirildi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA