O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston-Polsha siyosiy maslahatlashuvlari to‘g‘risida
2018-06-07 | Siyosat
2018-yilning 7-iyun kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston va Polsha tashqi ishlar vazirlari vakillari siyosiy maslahatlashuvlarining yettinchi raundi bo‘lib o‘tdi.
Polsha Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Andjey Papej boshchiligidagi delegatsiya bilan TIVda bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama aloqalarning hozirgi holati va ularni yanada rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari birgalikda tahlil qilindi.
Uchrashuvda oliy va yuqori darajalardagi ikki tomonlama aloqalarni faollashtirish, parlamentlararo almashinuv, Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi majlisini Varshava shahrida o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, shu kunga qadar O‘zbekiston-Polsha munosabatlarida 41 hujjatdan iborat mustahkam shartnomaviy-huquqiy asos yaratildi. Tomonlar O‘zbekiston va Polshaning davlat va jamoatchilik tuzilmalari, biznes, fan va ta’lim muassasalari, madaniyat va san’at vakillari o‘rtasida ulkan ijobiy hamkorlik tajribasi orttirildi.
Uchrashuvda alohida e’tibor o‘zaro savdo va investitsion hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha amaliy qadamlarga qaratildi. Shu o‘rinda Polsha delegatsiyasi tarkibida o‘zbekistonlik hamkorlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatishdan manfaatdor Polsha yetakchi kompaniyalari vakillari borligi, Toshkent va Buxoroda biznes forumlari rejalashtirilganligi muhim ahamiyatga ega. Shu nuqtayi nazardan Polsha investitsiya va savdo agentligi vakolatxonasini Toshkent shahrida ochish bo‘yicha Polsha tomoni qarorini O‘zbekiston tomoni qo‘llab-quvvatladi.
Maslahatlashuvlar doirasida tomonlarni qiziqtirgan ayrim xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan batafsil fikr almashildi.
Muzokaralarda Polsha Elchisi Pyotr Ivashkevish ishtirok etdi.