O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
IIV Ichki ishlar organlari xodimlarini boshlang’ich tayyorlash va malakasini oshirish Toshkent shahar markazida siyosiy-ijtimoiy va ma’naviy-huquqiy tadbirlar o’tkazildi
2018-06-07 | Jamiyat
O’zbekiston Respublikasi IIV Ichki ishlar organlari xodimlarini boshlang’ich tayyorlash va malakasini oshirish Toshkent shahar markazida o’zgaruvchan shaxsiy tarkibning siyosiy-ijtimoiy va ma’naviy-huquqiy savodxonligini yanada oshirish va ularni har tomonlama etuk kadrlar qilib tarbiyalash maqsadida, ta’lim-tarbiya jarayoniga fan va madaniyat arboblari, huquqshunos va boshqa ijtimoiy fanlar bo’yicha tegishli mutaxassislarini jalb qilish an’anaga aylangan.
Ushbu ishlarning mantiqiy davomi sifatida Markazning o’zgaruvchan shaxsiy tarkibi uchun O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevral kunidagi Farmoni bilan tasdiqlangan 2017-2021 yillarda O’zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo’yicha Harakatlar strategiyasining ustuvor yo’nalishlarini hamda ushbu yo’nalishda amalga oshirilayotgan ishlar holati va natijalari bo’yicha yaqindan tanishish maqsadida, “Harakatlar strategiyasi, taraqqiyotning yangi bosqichi” mavzusida tadbir o’tkazildi. Unda O’zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Fan, ta’lim va ishlab chiqarishni integratsiya qilish boshqarmasi boshlig’i Olimjon To’ychiev ma’ruza qildi.
O.To’ychiev 2017-2021 yillarda O’zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo’yicha Harakatlar strategiyasining beshta ustuvor yo’nalishi yuzasidan tayyorlangan slayd shaklidagi ko’rgazmali material yordamida to’liq tushunchalar berdi. Shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 noyabr kunidagi PF-5264-sonli Farmoni bilan tashkil etilgan O’zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining tashkil etilish sabablari, vazirlikning vazifa va funktsiyalari to’g’risida ham batafsil ma’lumot berdi.
Xususan, ma’ruzachi Harakatlar strategiyasining beshta ustuvor yo’nalishi o’zaro uzviy bog’liq, ya’ni davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirmasdan, qonun ustuvorligini ta’minlamasdan va sud-huquq tizimini isloh qilmasdan turib, iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirishga erishib bo’lmasligini asosli fikrlar bilan to’liq yoritib berdi.
Harakatlar strategiyasining maqsadi – olib borilayotgan islohotlar samaradorligini tubdan oshirishdan, davlat va jamiyatning har tomonlama va jadal rivojlantirishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratishdan, mamlakatni modernizatsiyalash va hayotning barcha sohalarini erkinlashtirishdan iborat, - dedi O.To’ychiev.
Shuningdek, o’zgaruvchan shaxsiy tarkibni terrorizm, diniy ekstremizm, islom aqidaparastligi, yot g’oya mafkuralari, mutassib diniy oqimlar to’g’risidagi bilimlarini oshirish, hushyorligi va ogohligini kuchaytirish maqsadida, “Yoshlarda ekstremizm, terrorizm g’oyalariga nisbatan toqatsizlik kayfiyatini shakllantirish” mavzusi ham tadbir o’tkazildi. Tadbirda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Diniy ishlari bo’yicha qo’mita raisi o’rinbosari, islomshunos olim Nurimon Abdulxasan qatnashib, ekstremizm, terrorizm, fundamentalizm, separatizm tushunchalarining mazmun-mohiyati, ilk kelib chiqish tarixi, uning belgilari, shuningdek, bugungi global sharoitda yoshlar orasida avj olayotgan turli ko’rinishdagi madaniyat shakllari xususida keng to’xtalib, mavzuga doir asosiy tushunchalarni to’liq yoritib berdi.
Tadbirda bugungi kunda dunyoning turli mintaqa va hududlarida avj olayotgan qarama-qarshilik, bo’layotgan qonli to’qnashuvlar, musulmon dunyosidagi turli mashab va oqimlar o’rtasida kuchayib borayotgan o’zaro nizo va ziddiyatlar, begunoh odamlar qurbon bo’layotgani barchani tashvishga solayotgani, diniy qadriyatlar, ezgulik, insoniyat dushmani bo’layotgan yot g’oyalarning asl mohiyatini ochib berish, buzg’unchi oqimlarni jilovlash, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, mana shunday tinch, musaffo osmon ostida bunyodkorlik mehnati bilan band bo’lib, shukurona keltirib yashayotgan olijanob xalqimizning tinch hayotini har qanday balo-qazolardan asrashga o’z hissamizni qo’shish - bugungi kundagi eng dolzarb vazifamiz bo’lishi kerakligi ta’kidlab o’tildi.
Uchrashuv yakunida ma’ruzachilar tomonidan tinglovchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.