O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tadbirkorlik subyektlari ham tavsiya etish huquqiga ega bo‘ldi
2018-06-07 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi tomonidan “Mamlakatimizda boshqaruv sohasidagi kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash borasidagi dolzarb masalalar va istiqboldagi vazifalar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Davlat boshqaruvi akademiyasining o‘quv ishlar bo‘yicha prorektori X.Azizovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 8-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida boshqaruv kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq akademiyaning tarkibiy bo‘linmalarida faoliyat yurituvchi rahbar kadrlar 68,6 foizga yangilangan. Amaliy mashg‘ulotlar ulushi 70 foizgacha oshirilib, o‘quv rejalari hamda fan dasturlari takomillashtirilgan.
Matbuot anjumanida 2018-2019 o‘quv yili uchun qabul tartibi va kvotalari haqida ma’lumot berildi. Unga ko‘ra, akademiya magistraturasiga grant asosida o‘qishga faqat davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, shuningdek, davlat muassasalari va davlat tashkilotlari xodimlari qabul qilinadi. Magistraturaga, qayta tayyorlash kurslariga qabul qilish uchun shaxslarni tavsiya etish huquqiga nafaqat davlat hokimiyati va boshqaruvi, xo‘jalik boshqaruvi organlari, NNTlar balki tadbirkorlik subyektlari ham ega bo‘ldi.
Magistratura, ishlab chiqarishdan ajralgan holda kadrlarni qayta tayyorlash kurslari hamda ishlab chiqarishdan ajralmagan holda kadrlarni qayta tayyorlash kurslari uchun 180 nafardan nomzod qabul qilinishi rejalashtirilgan. Hozirda akademiyaga o‘qish uchun hujjatlar taqdim etilmoqda.
Anjumanda akademiyaning xalqaro hamkorligi to‘g‘risida ham ma’lumot taqdim etildi. Unga ko‘ra, akademiya 6 xalqaro tashkilot, 9 xorijiy ta’lim muassasalari bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Jahonning turli mamlakatlari muassasalarida akademiyaning 37 o‘qituvchisi va xodimlari malaka oshirgan, 97 nafar magistratura tinglovchilari amaliyot o‘tagan.
Tadbirda jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.
Davron Sunnatov, O‘zA