O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Eron va O‘zbekiston davlatlari hamkorlik uchrashuvi
2018-06-05 | Turizm
Joriy yilning 1-iyun kuni Eron Islom Respublikasining Yo‘l va shaharsozlik vaziri Abbos Ohundiy boshchiligidagi delegatsiya Buxoroga tashrif buyurdi. Turli xil masalalar, shu jumladan, yo‘l transporti, ayniqsa, temir yo‘l sohasini yaxshilash, qurilish materiallari ishlab chiqarish, neft-gaz sanoatida bir qancha qulayliklar yaratish, O‘zbekistonning qadimiy shaharlariga o‘z fuqarolarini sayohatga jo‘natish borasida bir qancha masalalar ko‘rib chiqildi.
Ikki davlat vakillari o‘rtasidagi uchrashuvda transport masalalari alohida o‘rin egalladi. Temir yo‘l transporti qatorida yo‘l va havo transportlarining ham yo‘lga qo‘yilishini ta’minlash, Eronning dengiz portlarigacha yetib boradigan yo‘llarni qurish, ikki davlat o‘rtasida Tehron – Toshkent aviareyslari qatnovini ta’minlash, bundan tashqari, transport bilan ta’minlangandan so‘ng turizm sohasida ham yangilanishlar qilish, ya’ni, Eron fuqarolarini Buxoroga sayohatga jo‘natish, eronlik sayohatchilar oqimini ko‘paytirish kabi fikrlar o‘rtaga tashlandi. Har yili Erondan 1 millionga yaqin sayohatchi Turkiya, Rossiya, Gruziya va dunyoning bir qancha mamlakatlariga sayohatga chiqishi, ularni qadimiy shaharlar qatori O‘zbekistonning ko‘hna hududlari ham jalb etishi, transport sohasidagi yo‘llar qurilishi, viza erkinligi kabi muammolar bartaraf etilgach, Buxoroga Erondan sayyohlar jo‘natilishi haqida ham o‘zaro kelishib olindi. Hamda kelayotgan sayyohlarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida yurtimizning barcha viloyatlarida xavfsiz turizm xizmati joriy etilganligi tashrif buyurgan mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.