O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Markaziy saylov komissiyasining majlisi
2018-05-07 | Saylov
2018-yil 4-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Uni Komissiya raisi M.Abdusalomov boshqardi.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 22-dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash masalalari xususan, 2019-yilda davlat hokimiyatining vakillik organlariga bo‘lib o‘tadigan saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish, mazkur siyosiy jarayon yanada oshkoralik ruhida o‘tishini ta’minlaydigan yangi, ilg‘or amaliyotni joriy etish bo‘yicha tadbirlar Dasturini qabul qilish hamda milliy va xorijiy tajriba, xalqaro norma va standartlar asosida tayyorlanayotgan yagona O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi loyihasi muhokama qilindi.
Muhokama yakunlari bo‘yicha davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlari sayloviga qonun hujjatlari talablariga rioya etgan holda, xalqaro saylov standartlariga muvofiq ravishda, yuqori demokratik saviyada tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish, shuningdek, fuqarolarning davlat hokimiyati vakillik organlariga erkin saylash va saylanishi bilan bog‘liq konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqarish, siyosiy partiyalarning davlat hokimiyati organlarini shakllantirish jarayonida faol ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga oid tadbirlar Dasturi tegishli qaror bilan tasdiqlandi.
Shuningdek, tadbirlar Dasturida O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi loyihasini davlat organlari va jamoat tashkilotlari, mahalliy va xalqaro ekspertlar bilan hamkorlikda keng muhokama qilib yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi o‘rinbosarini saylash masalasi ham ko‘rib chiqildi. Ushbu lavozimga Komissiya a’zosi Raximova Gyulnoza Abdusattarovna saylandi.
Raximova G.A., Toshkent davlat universitetini tamomlagan, mutaxassisligi huquqshunos. Ko‘p yillar davomida prokuratura organlari tizimida mas’ul lavozimlarda, xususan, 2010-yildan buyon O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Matbuot xizmati rahbari, jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Majlisda Komissiya faoliyatiga taalluqli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.