O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Urush faxriylariga Prezident sovg‘alari topshirildi
2018-05-04 | Jamiyat
Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Abdulla Karimov Samarqand shahridagi Namozgoh mahallasida istiqomat qiladi. Bu yil 94 bahorni qarshi olgan otaxon 18 yoshida frontga ketib, yetti yildan so‘ng, G‘alabadan keyin ham to‘rt yil harbiy xizmatda bo‘lib, 1949 yilda ona yurtiga qaytib kelgan.
Samarqand davlat universitetida tahsil olib, uzoq yillar shahardagi maktablarda o‘quvchilarga o‘zbek tili va adabiyoti fanidan dars berdi. Turmush o‘rtog‘i Xosiyatoy Karimova bilan 7 nafar farzandni tarbiyalab, uyli-joyli qildi.
Bugun farzandlari hamda 60 ga yaqin nevara, evara va chevaralari kamolini ko‘rib, tinch-osoyishta kunlarimizga shukrona aytib yashayotgan otaxonning hovlisi har qachongidan gavjum. Mahalla ahli, shahar jamoatchiligi vakillari ushbu fayzli xonadonga kelib, Abdulla boboni Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 73 yilligi bilan tabriklamoqda.
Samarqand viloyati va shahar hokimligi, Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari A.Karimov xonadoniga tashrif buyurib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning sovg‘asi va tabrik xatini tantanali ravishda topshirdi.
Samarqand shahar hokimi F.Rahimov Abdulla boboning qo‘liga davlatimiz rahbarining tuhfasi – oltin soatni taqib qo‘yib, tabrik xatini o‘qib berdi.
Tabrikdagi “Dunyoni fashizm balosidan asrab qolishga, bugungi yorug‘ kunlarimiznita’minlashga hissa qo‘shgan Sizdek mard va qahramon yurtdoshimizga butun xalqimiz nomidan chuqur minnatdorlik bildiraman”, degan so‘zlar Abdulla boboni to‘lqinlantirib yubordi.
– Shu kunlarga yetkazganiga shukr, – deydi Abdulla Karimov. – Davlatimizning, Prezidentimizning doimiy e’tiboridamiz. Har kuni uyimizga kelib, hol so‘rab turishibdi. O‘tgan yil bayram arafasida “Damas” mashinasi olgan edik. Bu yil 5 million so‘m pul mukofoti va qimmatbaho sovg‘alar topshirishdi. Bunday e’tibordan boshimiz ko‘kka yetyapti, yoshimizga yosh qo‘shilmoqda. Ilohim, yurtimizni yomon ko‘zlardan asrasin, osmonimiz doim musaffo, xalqimiz omon bo‘lsin!
Samarqand harbiy garnizoni orkestri tomonidan harbiy kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. O‘quvchi-yoshlar otaxonni bayram bilan tabrikladi.
“Nuroniy” jamg‘armasi Samarqand viloyati bo‘limi ma’lumotlariga ko‘ra, Prezidentimizning “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, joriy yilda samarqandlik 97 nafar urush qatnashchisiga 5 million so‘mdan pul mukofoti va davlatimiz rahbari sovg‘alari topshirilmoqda. Viloyat, tuman, shahar hokimliklari, davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan ham urush va mehnat faxriylariga alohida hurmat-ehtirom ko‘rsatilmoqda.
G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat) O‘zA