O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Inson qadri ulug‘langan yurt
2018-05-04 | Jamiyat
Ajdodlar xotirasini yod etish, ezgu ishlarini davom ettirish, yurtimiz tinchligi va ravnaqi yo‘lida xizmat qilgan keksalarga alohida hurmat-e’tibor ko‘rsatish xalqimizga xos fazilat.
Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan yurtdoshlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirish, olovli janggohlardan omon qaytgan, og‘ir kunlarni sabr-bardosh bilan yenggan faxriylarimizga yuksak ehtirom, mehr-oqibat ko‘rsatish davlatimizning hamisha e’tiborida bo‘lib kelmoqda.
Ayni kunlarda barcha davlat va jamoat tashkilotlari qatorida O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining hududiy va mahalliy tashkilotlari tomonidan ham joylarda keksalar holidan xabar olinib, ular ishtirokida uchrashuvlar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri O‘zbekiston “Adolat” SDP markaziy apparati hamda Toshkent shahar kengashi tashabbusi bilan “O‘zbekiston – inson qadri ulug‘langan yurt” loyihasi doirasida o‘tkazildi.
Partiya faollari, deputatlar hamda “Yosh adolatchilar” qanoti a’zolari Chilonzor tumani 2-Charx Kamolon mahallasida istiqomat qilayotgan Ikkinchi jahon urushining front orti faxriylari xonadonlariga tashrif buyurib, ular holidan xabar olishdi, dildan suhbat qurishdi.
Faxriylar dunyo xalqlari boshiga musibat solgan mash’um urush, o‘sha og‘ir kunlarni matonat bilan yengib o‘tgan ota-bobolarimizning yengilmas irodasi, cheksiz matonati haqida so‘zlab berdi. Yoshlarga bugungi tinch-osoyishta kunlarga osonlik bilan erishilmagani, uni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash lozimligi, yurtimizda yaratilgan sharoit va imkoniyatlardan to‘la foydalangan holda chuqur bilim olish, yaxshi kasb egasi bo‘lish, shu orqali Vatanimiz taraqqiyoti uchun hissa qo‘shish yosh avlodning muqaddas burchi ekanligi ta’kidlandi.
2-Charx Kamolon mahallasidagi “Zavqiy” ko‘chasi, 27-xonadonda istiqomat qiluvchi front orti mehnat faxriysi Halima Nosirova bugun 93 yoshda farzandlari, nevara va chevaralari ardog‘ida keksalik gashtini surmoqda. Onaxon qo‘li duoda, bugungi dorulomon kunlarga shukronalik keltirib, umrguzaronlik qilmoqda. U bugun davlatimiz tomonidan yoshi ulug‘ insonlarga ko‘rsatilayotgan e’tibordan mamnun.
– Men urush boshlanganda balog‘at yoshidagi qizaloq edim, – deydi onaxon. – Xalqimiz o‘sha yillari juda og‘ir qiyinchiliklarni boshdan kechirdi. Urush olovi millionlab masofa uzoqlikda bo‘lishiga qaramasdan front ortidagi, ayniqsa, biz kabi ayollar, bolalar va keksalarning hayotini izdan chiqardi. Urush ta’minotidagi bor og‘irlik bizlarning bo‘ynimizda edi. Shunday bir og‘ir davrda ham o‘zbek ayollari o‘z farzandlari qatori urush davom etayotgan hududlardan yurtimizga ko‘chirib keltirilgan minglab bolalarga onalik qilib, ularni o‘z farzandlaridek bag‘riga oldi. Bugungidek tinch-osoyishta, baxtli kunlar o‘sha davrda har bir onaning orzusi edi.
Ushbu mahallada yashovchi Vladimir Semushkinning ham ayni o‘smirlik chog‘lari o‘sha mash’um urush yillariga to‘g‘ri keladi. Otaxon o‘shanda endigina 13 yoshni qarshilagan bo‘lishiga qaramasdan harbiy samolyot zavodiga ishga kirib, o‘z tengqurlari qatori urushdagi g‘alaba va bugungi tinch va osuda kunlarimiz uchun o‘z hissasini qo‘shdi.
– Shu kunlarga yetkazganiga shukr, Prezidentimizning biz, faxriylarga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rlik va e’tibori yoshimizga yosh qo‘shmoqda, – deydi V.Semushkin. – Insoniyat boshiga urush hech qachon qaytmasin, biz ko‘rgan kunlarni boshqa hech kim ko‘rmasin. Yurtimizdagi tinchlikka, xalqimiz farovonligiga, yoshlarimiz qo‘lga kiritayotgan yutuqlarga ko‘z tegmasin.
Mohigul Qosimova, O‘zA