O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston va Yevropa ittifoqi o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha Kichik qo‘mitaning birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi
2018-05-04 | Jamiyat
O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 26 yanvardagi 24/1-359-son topshirig‘iga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi tomonidan joriy yil 27 aprel kuni Hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha Kichik qo‘mitaning birinchi majlisi o‘tkazildi.
Majlisda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi rahbari, Elchi E.Stiprays, Yevropa Komissiyasining Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo bo‘limi boshlig‘i R.Iodis hamda Yevropa Ittifoqining boshqa tashkilot va vakolatxonalari vakillari ishtirok etdi. O‘zbekiston Respublikasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Tashqi ishlar vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A.Xodjayev, bo‘lim boshlig‘i), Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Ekologiya va atrof muhit muhofazasi bo‘yicha davlat qo‘mitasi hamda boshqa vazirlik va idoralarning rahbar xodimlari va vakillari ishtirok etdi.
Bugungi kunda Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonda o‘z faoliyatini 2014-2020 yillarga mo‘ljallangan ko‘p tarmoqli indikativ dastur doirasida amalga oshirmoqda. Ushbu dastur Respublikamizda bir qator masalalarga, jumladan hududlarni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi va suv resurslaridan foydalanishni takomillashtirish, ekologik muammolarni hal etishda ko‘maklashish va boshqa dolzarb yo‘nalishlarga qaratilgan. Shuningdek, ushbu dasturda kadrlar tayyorlash, oliy ta’lim tizimini yanada takomillashtirish va bu sohada xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan segment ham o‘rin topgan. Mazkur dastur amalga oshirilishiga Yevropa Ittifoqi tomonidan 168 mln. yevro mablag‘ ajratilgan.
Majlisda Yevropa Komissiyasi bo‘limi boshlig‘i R.Iodis oliy ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar samaradorligini yuqori baholadi. Bu borada Markaziy Osiyo Ta’lim Platformasi (SAYER), ERASMUS+ loyihalari doirasida amalga oshirilayotgan ishlar ikki tomonga ham katta foyda berayotganini ta’kidlab o‘tdi. SAYER loyihasining samaradorligi bevosita O‘zbekistonning sayi harakatlari va loyihadagi yetakchiligi evaziga erishilayotganini e’tirof etdi.
Majlisda amalga oshirilayotgan hamkorlikni yanada kuchaytirish va kelgusida kengaytirishga istak bildirildi.