5-may kuni butun dunyoda Xalqaro nogironlar huquqlari uchun kurash kuni nishonlanadi. 1992-yilning 5-mayida Yevropadagi 17 mamlakatda bir vaqtning o‘zida imkoniyati cheklangan fuqarolar o‘zlarining huquqlari ta’minlanishini va kamsitilishlarga yo‘l qo‘ymaslikni talab qilib chiqdilar. Shu tariqa har yili 5 mayda nogironlarning huquqlarini himoya qilish kuni o‘tkaziladigan bo‘ldi. Bu kunni 3 dekabrda nishonlanadigan Xalqaro nogironlar kuni bilan adashtirib qo‘ymaslik kerak. Sana munosabati bilan bir qator mamlakatlarda “Nogiron- jamiyatning teng huquqli a’zosi” deb nomlangan anjumanlar va xayriya tadbirlari o‘tkaziladi.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad imkoniyati cheklangan kishilar duch kelayotgan muammolarga keng jamoatchilik e’tiborini qaratishdan iboratdir. Tahlilchilarning fikricha, bugungi kunda ayrim mamlakatlarda nogironlarning huquqlariga amal qilinmaydi. Imkoniyati cheklangan kishilarning ishga joylashishi, ta’lim olishi bilan bog‘liq muammolar nafaqat qashshoq mamlakatlarda, balki iqtisodi rivojlangan mamlakatlarda ham kuzatilmoqda.
Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda yer yuzida 1 milliarddan ortiq imkoniyati cheklangan fuqaro istiqomat qiladi. Bu dunyo aholisining 15 foizi demakdir. Ularning 100 millionini bolalar tashkil qiladi. Mutahassislarning fikricha, aholining keksayib borayotgani va surunkali kasalliklarning ortib borayotgani ham nogironlar sonining ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda.
2006-yilning 13-dekabrida Nyu-Yorkda BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyani imzolash jarayoni boshlandi. 21 asrdagi inson huquqlari himoyasiga qaratilgan birinchi shartnoma deya tan olingan mazkur hujjat 50 davlat tomonidan imzolanganidan so‘ng 2008 yilning 3 may kuni kuchga kirdi. Ayni damda Konvensiyani 158 davlat imzolagan va 147 tasi ratifikatsiya qilgan. Mazkur konvensiyada imkoniyati cheklangan insonlar muruvvat ko‘rsatiladigan obyekt emas, balki huquq va erkinliklarga ega, fuqarolik, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda jamiyat hamda davlatni rivojlantirishning teng huquqli ishtirokchilari hisoblangan shaxslar ekani e’tirof etilgan. Mazkur hujjatning ratifikatsiya qilinishi imkoniyati cheklangan insonlarning ijtimoiy va iqtisodiy huquqlarini ta’minlash, himoya qilish va rivojlantirish uchun qo‘shimcha kafolatlar yaratadi.
Bugungi kunda atigi 45 mamlakatdagina imkoniyati cheklangan shaxslarning kamsitilishiga qarshi qonun qabul qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi hukumati Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya”sini imzolagan. Mamlakatimizda nogironlarning barcha huquq va erkinliklarini ta’minlashning mustahkam huquqiy asoslari ham yaratilgan. 2008 yilda mamlakat parlamenti yangi tahrirdagi “O‘zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunni qabul qilganligi, 2011 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2011–2015 yillarda yolg‘iz keksalar, pensioner va nogironlarni ijtimoiy himoya qilishni yanada kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinganligi va ular ijrosi sobitqadamlik bilan ta’minlanayotganligi — buning yaqqol dalolatidir.
Sharofiddin To‘laganov