O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Jarima sanksiyalari – huquqbuzarliklarning oldini olish chorasi sifatida
2018-05-04 | Jamiyat
Shu kunlarda jamoatchilik tomonidan keng muhokama etilayotgan O‘zbekiston Respublikasi soliq tizimini isloh etish Konsepsiyasi loyihasida soliq sohasiga oid huquqbuzarlikka yo‘l qo‘yganlik uchun qo‘llaniladigan jarima sanksiyalarini qayta ko‘rib chiqish va barcha javobgarlik turlarini kuchaytirish nazarda tutilgan.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 112-moddasiga ko‘ra, moliyaviy sanksiyalar soliq to‘lovchi – yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning soliqqa oid huquqbuzarliklari uchun javobgarlik chorasi bo‘lib, sud tartibida pul undirish (jarimalar va penya) tarzida qo‘llaniladi.
Jarima sanksiyalari tushunchasi salbiy tusga egaligidan qat’iy nazar, ular soliq qonunchiligini buzganlik va soliq majburiyatlarini bajarmaganlik uchun davlat tomonidan bildiriladigan munosabat shakli hisoblanadi.
Soliqqa oid huquqbuzarlik uchun javobgarlik moliyaviy javobgarlik turlaridan biridir. Amaliyotdan kelib chiqqan holda bugungi sharoitda shuni ko‘rish mumkinki, jarima sanksiyalari bir tomondan, huquqbuzarliklar uchun jiddiy va qat’iy chora hisoblanadi, ikkinchi tomondan esa soliq to‘lovchi kelgusida bunday huquqbuzarlikni takroran sodir etishining oldini olish bo‘yicha o‘ziga xos kafolat bo‘lib xizmat qiladi.
Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston Respublikasi soliq tizimini isloh etish Konsepsiyasi loyihasida soliq tizimini keskin soddalashtirish, soliqlar sonini kamaytirish, soliq rejimlarini qisqartirish yo‘li bilan soliq yukini pasaytirish, soliq to‘lovchilarning turli toifasi uchun soliqlarni to‘lash qoidalarini unifikatsiya qilish, shaxsiy tusga ega soliq imtiyozlarini taqdim etishni to‘xtatish nazarda tutilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, respublikamizda biznesni muvaffaqiyatli ravishda yuritish hamda tadbirkorlik faoliyatini qonuniy amalga oshirish uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilmoqda.