O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Janubiy Koreya delegatsiyasi bilan uchrashuv
2018-05-03 | Siyosat
2018-yilning 3-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov mamlakatimizga tashrif buyurgan Koreya Respublikasining Shimol bilan iqtisodiy hamkorlik qo‘mitasi raisi Song Young-gil boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 22-25-noyabr kunlari Koreya Respublikasiga davlat tashrifi va Prezident Mun Je In va Janubiy Koreyaning boshqa rahbarlari bilan muzokaralari doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish nuqtayi nazaridan turli sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvda bo‘lib o‘tgan koreyalararo sammit va uning muvaffaqiyatli yakunlari ko‘p jihatdan Koreya Respublikasining “Yangi shimoliy siyosati”ni bosqichma-bosqich va har tomonlama o‘ylab amalga oshirishi natijasida erishilgani ta’kidlandi.
Uchrashuvda ikki tomon kun tartibining boshqa dolzarb masalalari ham muhokama qilindi.
Muzokaralarda Koreya Respublikasi Elchisi Kvon Yon U ham ishtirok etdi.