O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
To‘raqo‘rg‘onlik bolajonlarga munosib tuhfa
2018-05-03 | Jamiyat
Mamlakatimizda maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini rivojlantirish, bolalarni maktabga tayyorlashga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev hududlarga tashrifi doirasida shunday muassasalarda bo‘lib, faoliyati bilan tanishmoqda. Bu bejiz emas, mutaxassislar fikricha, o‘quvchilarning fanlarni qanchalik puxta o‘zlashtirishi bog‘chada olgan bilimiga bog‘liq.
Davlatimiz rahbarining 2016 yil 29 dekabrdagi “2017-2021 yillarda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida bu kabi ta’lim maskanlari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yangilarini qurish, bolalarni bog‘chaga to‘liq qamrab olish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shavkat Mirziyoyevning maktabgacha ta’lim tizimini boshqarishni tubdan takomillashtirish to‘g‘risidagi farmoni bilan esa Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etildi. Yangi vazirlikning asosiy vazifalari bosqichma-bosqich barcha bolalarni maktabgacha ta’lim tizimiga qamrab olish, mamlakatda o‘zaro raqobat qiluvchi davlat va nodavlat MTMlari tarmog‘ini yaratish, amaliyotga maktabgacha ta’lim va bolalarni tarbiyalashning muqobil shakllarini joriy etishdan iborat.
Mazkur hujjatlar ijrosi yuzasidan Namangan viloyatida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz ko‘rsatmalari asosida To‘raqo‘rg‘on tumani “Yangiobod” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida qurilgan 10-maktabgacha ta’lim muassasasi loyiha qiymati 2 milliard 250 million so‘m.
Is’hoqxon Ibrat majmuasi yonida joylashgan bog‘chada bolajonlar ta’lim-tarbiya olishi uchun barcha sharoit yaratildi. Joriy yil davomida bog‘chaga 200 nafar bolani qamrab olish rejalashtirilgan. Muhimi, bog‘cha ishga tushirilishi munosabati bilan 25 ta doimiy ish o‘rni yaratildi.
Prezidentimizga bog‘cha o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlar jarayoni, yaratilgan sharoitlar haqida ma’lumot berildi.
Ziyodulla Jonibekov, Muhammad Amin (surat) O‘zA