O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Urganchda Osiyo chempionati yakunlandi
2018-05-03 | Sport
23-30 aprel kunlari Urganch shahri og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatiga mezbonlik qildi. Musobaqada medallar bilan birga oktyabr oyida o‘tkaziladigan III yozgi o‘smirlar Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmalar egalari ham aniqlandi.
Ikkikurash yakunlariga ko‘ra hamyurtlarimiz qayd etgan natijalarni e’tiboringizga taqdim etamiz.
O‘smirlar musobaqasida Muhammadqodir Toshtemirov (-77kg), Alisher Radjapov (-85kg), Nigora Abdullayeva (-44kg), Kumushxon Fayzullayeva (-63kg), Tursunoy Jabborova (-75kg) va Dolera Davronova (+75kg) oltin medal egasiga aylandi.
Saidmuxtor Saidahrorov (+94kg), Zuhra Otajonova (-48kg), Shahloxon Abdullayeva (-58kg) va Zarnigor Abdurahmonova (-69kg) kumush mukofot bilan taqdirlandilar.
Asadbek Narimonov (-69kg) va Shodmonoy Ochilovaga (+75kg) bronza medallari topshirildi.
Terma jamoamiz a’zolari o‘smirlar o‘rtasidagi bahslarda alohida mashqlarda 13ta oltin, 6ta kumush va 5ta bronza medalini qo‘lga kiritdilar.
Ikkikurash hisobiga ko‘ra 6ta oltin, 4ta kumush va 2ta bronza medallari bilan taqdirlangan yurtdoshlarimiz o‘zlariga bildirilgan ishonchni oqlashdi.
O‘smirlar o‘rtasida o‘g‘il bolalar musobaqasida ham, qizlar bahsida O‘zbekiston termasi birinchi bo‘ldi. Kuchli uchlikka yigitlar o‘rtasida Hindiston va Turkmaniston atletlari, qizlar orasida esa Xitoy Taypeyi va Hindiston vakilalari kirishdi. Umumjamoa hisobida, tabiiyki, hamyurtlarimizga hech kim yetolmadi.
Yoshlar musobaqasida Zaynobiddin Muhamadaminov (-85kg), Akbar Jo‘rayev (-105kg), Tursunoy Jabborova (-75kg) va Kumushxon Fayzullayeva (-63kg) chempionlik shohsupasiga ko‘tarilishdi.
Adhamjon Ergashev (-69kg), Umirbay Mavlenov (-77kg), Gulnoza Ahmadova (-75kg) va Dolera Davronova (+90kg) qo‘shkurashda ikkinchi natija bilan katta kumush medallarga sazovor bo‘lishdi.
Bozorgul Rambergenovaga (-69kg) bronza medali topshirildi.
Yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan bahslarda alohida mashqlarda vakillarimiz 8ta oltin, oltitadan kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritishdi. Ikkikurash yakuniga ko‘ra 4ta oltin, 4ta kumush va 1ta bronza medaliga sazovor bo‘lgan O‘zbekiston termasi umumjamoa hisobida qit’a chempionatini birinchi o‘rinda yakunladi. Biroq qizlarimiz va yigitlarimiz alohida hisoblaganda mos ravishda Xitoy Taypeyi va Eron jamoalarini oldinga o‘tkazib yuborishdi. Kuchli uchlikdan mos ravishda Hindiston va Vetnam atletlari ham joy olishdi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo chempionatigacha reytingdagi o‘rni hisobiga Buenos-Ayresga uchta (mumkin bo‘lgan maksimal) yo‘llanmani naqd qilib qo‘ygandi. Oktyabr oyida Argentinada o‘tkaziladigan musobaqada uch nafar o‘zbekistonlik og‘ir atletikachi yurtimiz sharafini himoya qiladi. O‘smirlar olimpiy o‘yinlariga aynan kim borishini esa O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi hal qiladi.
Muhammadqodir Toshtemirov, -77kg vazn toifasida o‘smirlar o‘rtasida Osiyo chempioni:
- Osiyo chempioni bo‘lish mening orzuim edi. Shukr, yakunlangan musobaqada niyatimga yetdim. Ushbu muvaffaqiyatning zamirida murabbiylarim va ota-onamning mehnatlari yotibdi. Nasib qilsa, Argentinada bo‘lib o‘tadigan o‘smirlar Olimpiadasida ham oltin medal qo‘lga kiritib, O‘zbekistonga yorug‘ yuz bilan qaytaman.
Jo‘rabek Zoirov, murabbiy:
- Musobaqa oldidan aynan mana shunday natijani kutgandik. Qolaversa, Muhammadqodir chempionatda o‘zining shaxsiy rekordini ham yangilay oldi. Endi o‘smirlar Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlikni boshlaymiz. Nasib qilsa, Buenos-Ayresda munosib ishtirok etamiz.
Mazkur Osiyo chempionatida o‘tgan yilgi litsenzion musobaqada yo‘llanma qo‘lga kirita olmagan mamlakatlar Olimpiya o‘yinlariga borish huquqiga ega bo‘lishdi. O‘g‘il bolalardan Turkmaniston, Hindiston, Saudiya Arabistoni hamda Qirg‘iziston terma jamoalari, qizlar o‘rtasida esa Yaponiya, Xitoy Taypeyi, Hindiston va Mo‘g‘uliston terma jamoalari Buenos-Ayres litsenziyasini aynan Urganchda qo‘lga kiritdilar.
Barcha mehmonlar O‘zbekiston haqida ajoyib taassurotlarga ega bo‘lganlarini, Xorazmning tarixiy obidalari, xalqimizning mehmondo‘stligini umrbod qalbda saqlashlarini, musobaqa yuksak saviyada tashkil etilganligini ta’kidlashdi.