O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Sudlarga ko‘maklashuvchi komissiya tuzildi
2018-04-30 | Jamiyat
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati Kengashlarining qo‘shma qaroriga muvofiq tashkil etilgan mazkur Komissiya: sudlar va sudyalar mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan qonun hujjatlari ustidan nazorat olib boradi;
muammolarni, sud-huquq sohasidagi qonun hujjatlarini tanqidiy tahlil qiladi, amaldagi holatni o‘rganadi;
odil sudlovga va sudyalar mustaqilligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillarni aniqlaydi;
sohaga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar beradi.
Buning uchun Komissiya Oliy Majlis palatalari, Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi, Bosh prokuratura va Ombudsmandan murojaatlar haqida ma’lumotlarni oladi, aholi hamda sudyalar o‘rtasida uchrashuvlar, anonim so‘rovlar o‘tkazadi.
Komissiya majlislari ochiq-oshkora tarzda o‘tkaziladi. Ayrim holatlarda majlis yopiq tarzda o‘tkazilishi mumkin. Ular sudlarning odil sudlovni amalga oshirish faoliyatiga aralashmaydi. Shuningdek, o‘z faoliyati haqida Oliy Majlis palatalariga har yili hisobot taqdim etib boradi.
Komissiya raisi etib Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri va Senat Raisi navbati bilan bir yillik muddatga tasdiqlanadi.