O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Turk teatr san’ati
2018-04-30 | Madaniyat
Turkiya madaniyati haqida xalqimiz ozmi-ko‘pmi tasavvurga ega. Ayniqsa, televideniye orqali namoyish qilinayotgan turk seriallarini ko‘pchilik sevib tomosha qiladi. Ammo turk teatrlari, teatr sohasidagi hamkorlik haqida bilganlarimiz ko‘p emas...
Turkiyada teatr san’ati uzoq tarixga ega. Xalq ijodining an’anaviy shakllari – qo‘g‘irchoq va chodirxayol teatri, maydonchalarda namoyish etiladigan o‘rta o‘yin tomoshalari professional turk teatri shakllanishiga xizmat qildi. Tanzimat davrida dastlab g‘arb modelidagi teatr faoliyat boshladi. Bu davrda turk yozuvchilari ham pyesalar yozishga kirishdi. Ibrohim Shinosiyning «Shoirning uylanishi» nomli komediyasi turk teatri uchun burilish nuqtasi yasadi.
1908 yildan so‘ng professional va havaskorlik teatrlari tashkil qilina boshlandi. Istanbul, Izmir, Bursa, Adana va Anqara shaharlarida teatr binolari qurildi. 1914 yil Istanbulda «Dorulbadiyai usmoniya» nomli teatr ochildi. U turk teatri san’atining rivojida muhim ahamiyat kasb etdi. Ushbu teatrga 1927 yildan rahbarlik qilgan Muhsin Ertug‘rul birinchi bolalar teatrini ham tuzdi. Shu bilan birinchi bolalar teatriga asos solindi. 1949 yilda Davlat teatri barpo etildi.
1951 yilda «Kichik sahna» nomli ilk xususiy teatr ochilgan. Undan keyin Chiyir sahna, Cho‘tir teatri, Muammar Qoracha teatri, Istanbul operettasi singari xususiy teatrlar ish boshladi. 1982 yildan Istanbulda Hodi Chaman Yeditepa o‘yinchilari, Enis Fosforo‘g‘li teatri, Xo‘dri Maydon madaniyat markazi, Anqarada Anqara San’at teatri faoliyat ko‘rsatdi.
Bu o‘xshashliklar o‘zbek teatr san’ati tarixini ham eslatib yuboradi. Mamlakatimizda turk yozuvchilari ijodiga ko‘plab murojaat qilinadi. 2017 yil Samarqand viloyati musiqali drama teatrida Turk yozuvchisi Tunjar Jujan o‘g‘li asari asosida "Ko‘chki" spektakli sahnalashtirildi.
Mazkur spektakl Turkiyaning Konya shahrida 20-30 aprel kunlari o‘tkazilayotgan "Ming nafas – bir ovoz" Xalqaro teatrlar festivalida namoyish etildi va katta qiziqish bilan kutib olindi.
Turkiyada o‘n birinchi marotaba o‘tkazilayotgan ushbu festivalda O‘zbekiston vakillarining ilk bor ishtiroki mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarning madaniy-ma’rifiy jabhalarda ham tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolatdir.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, O‘zbek Milliy akademik drama teatri jamoasining yaqin kunlarda Turkiya davlatiga ijodiy safari va teatr festivalida ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Barcha sohalarda bo‘lgani kabi madaniy-ma’rifiy, xususan, teatr sohasidagi o‘zaro hamkorlik ildizlari tutash ikki xalq uchun faqat foydali va samarali bo‘ladi. Kelgusida millionlab qalblarga ma’naviy ozuqa bera oladigan, estetik zavq bag‘ishlovchi hamda kamolotga yetaklovchi ko‘plab spektakllar sahnalashtirilsa, ajabmas.
Mohigul Qosimova, O‘zA