O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalqimizning bir-biriga muhabbati cheksiz
2018-04-30 | Jamiyat
Alohida aytishni istardimki, xalqlarimiz tarixi, madaniyatimiz, qon tomirimiz, ajdodlarimiz, kelajak maqsadlarimiz uyqash, qalbimiz qalbimizga tutash. Men Turkiya fuqarosi, ayni damda O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan tadbirkor bo‘lishimga qaramasdan, bu zaminni o‘z Vatanim, deb hech ikkilanmay ayta olaman.
O‘tgan bir yil ichida turkiyalik tadbirkorlarga yaratib berilgan shart-sharoitlar, viza tizimining bekor qilinishi turk xalqini O‘zbekistonga yanada yaqin etdi.
Men rahbarlik qilib kelayotgan “IAS group” kompaniyasi 2009 yilda O‘zbekistonda o‘z faoliyatini boshlagan edi. Kompaniya qishloq xo‘jaligi industriyasini rivojlantirish, agrar xo‘jalikka yangi, zamonaviy texnologiyalarni joriy etgan holda qishloq xo‘jalik mahsulotlarini eksportga tayyorlash maqsadida tashkil etilgan.
Kompaniya tashkil topganida, albatta, o‘ziga yarasha qiyinchiliklar, faoliyatimiz qanchalik samara beradi, degan savollar bo‘lgan. Ayniqsa, valyuta konvertatsiyasi ko‘p yillar muammo bo‘lib kelayotgan bu mamlakatda tavakkal qilish qiyin edi. Shunday bir sharoitda Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar faoliyatiga qaratgan e’tibori sabab ko‘plab mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilar oldida turgan muammolar yechildi.
Shuni ishonch bilan ayta olamanki, bugun O‘zbekistonga nafaqat sayohat istagida, balki tadbirkorlik qilish, investitsiya kiritish maqsadida kelayotgan va ish boshlashni rejalashtirayotgan Turkiya fuqarolari soni keskin ortib bormoqda. Bu esa O‘zbekiston – Turkiyaning savdo, iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorligida yangi davr boshlanganidan dalolatdir.
Albatta, O‘zbekiston mustaqillik yillarida katta tarixiy yo‘lni bosib o‘tdi. Amalga oshirilgan ishlar asrlarga tatigulik. Turk xalqi o‘zbekistonliklarga doim hurmat, cheksiz muhabbat bilan qaragan, o‘zining qardoshi deb bilib kelgan. Demoqchi bo‘lganim shuki, bugun O‘zbekiston olamshumul davrni boshdan kechiryapti. Bu milliy o‘zlikni anglash davri, yangi rivojlanish, ildam qadamlar tashlash zamoniga ulanib ketyapti. Bu davr oson kechmasligi, o‘ziga yarasha qiyinchiliklar bo‘lishi tabiiy. Ammo bu o‘zgarishlarning ortida nurli kelajak, baxtli hayot borligi aniq.
Ishonchni oqlash, berilgan imkoniyatdan to‘g‘ri va unumli, har ikki taraf uchun ham rag‘bat keltiradigan tarzda foydalanish bizning burchimiz.